8,5 yilga qamalgan Rafa Mir qanday qilib Gretsiya klubiga o‘tdi?

Sport

image

Jinsiy tajovuz va zo‘ravonlik bilan bog‘liq ish bo‘yicha 8,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan ispaniyalik futbolchi Rafa Mir Gretsiyaning “Aris” ko‘chib o‘tdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Rafa Mir “Aris” bilan 2028 yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolagan.

Qiziq jihati shundaki, Rafa Mirni joriy yil iyun oyida Ispaniya sudi jinsiy tajovuzda aybdor deb topib, 8,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan edi. Keyinchalik futbolchi ushbu qaror ustidan apellyatsiya shikoyati bergan va ish ko‘rib chiqilgunga qadar hukm ijrosi to‘xtatilgan.

Ispaniya sudi Mirga Gretsiyaga ko‘chib o‘tishga ruxsat bergan. Biroq u har oy Saloniki shahridagi Ispaniya konsulligiga borib hisobot berib turishi shart. Agar bu talab buzilsa, unga nisbatan Yevropa bo‘ylab hibsga olish orderi chiqarilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Rafael Mir 1997 yil 18 iyunda Ispaniyaning Mursiya shahrida tug‘ilgan. U “Valensiya” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi va faoliyati davomida “Vulverxempton”, “Las-Palmas”, “Ueska” hamda “Nottingem Forest” klublarida to‘p surgan.

Uning eng sermahsul mavsumi “Ueska” safida o‘tgan. Mir mazkur jamoa tarkibida 57 ta uchrashuvda maydonga tushib, 25 ta gol urgan. Ana shu o‘yinidan so‘ng “Sevilya” uni 2021 yil yozida o‘z safiga qo‘shib olgan.

Hujumchi andalusiyaliklar safida jami 105 ta o‘yinda ishtirok etdi va 2023 yilda UEFA Yevropa ligasi g‘olibligini qo‘lga kiritdi. O‘tgan mavsumni esa ijara asosida “Valensiya”da o‘tkazdi.

Rafa Mir Ispaniya yoshlar terma jamoalari sharafini ham himoya qilgan. U 2019 yilda 21 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasidagi Yevropa chempionati g‘olibi bo‘lgan, shuningdek, Tokio Olimpiadasida kumush medalni qo‘lga kiritgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing