Rafa Mir 8,5 yilga qamoq jazosiga hukm qilindi

Sport

image

“Elche” klubi hujumchisi Rafa Mir jinsiy tajovuz va zo‘ravonlik bilan bog‘liq ish bo‘yicha 8,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Marca” nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yilda Mir va yana bir erkak ikki ayolga nisbatan jinsiy tajovuz sodir etganlikda gumon qilinib hibsga olingan edi.

Sud qaroriga ko‘ra, 28 yoshli futbolchi jinsiy tajovuz uchun 7 yil, zo‘ravonlik harakatlari uchun esa 18 oy qamoq jazosini olgan. Shuningdek, unga 10 yil davomida jabrlanuvchiga 500 metrdan yaqinlashmaslik talabi qo‘yilgan.

Ish bo‘yicha ikkinchi ayblanuvchi Pablo Xara esa jinsiy tajovuz, axloqiy me’yorlarni buzish va yengil tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq holatlar uchun 2 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan.

Bundan tashqari, Rafa Mir jabrlanuvchiga 64 000 yevro miqdorida tovon puli to‘lashi kerak. Pablo Xara esa ikkinchi da’vogar foydasiga 6 280 yevro kompensatsiya to‘laydi.

Ma’lumot uchun, Mir o‘tgan mavsumni “Sevilya”dan ijara asosida “Elche”da o‘tkazdi. U Ispaniya chempionatida 27 ta uchrashuvda maydonga tushib, 8 ta gol urgan.

Ispaniyalik futbolchi o‘z faoliyati davomida “Valensiya”, “Mestalya”, “Vulverxempton”, “Las-Palmas”, “Nottingem Forest” va “Ueska” klublari sharafini ham himoya qilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing