Farg‘onada tibbiyot birlashmasi rahbari 3 yilga qamaldi
Jamiyat
−
19 yanvar 10225 1 daqiqa
Farg‘ona viloyatida fuqarodan ishga joylab qo‘yish evaziga pul talab qilgan tibbiyot birlashmasi rahbariga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Hudud” informatsion dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yil oktyabr oyiga qadar O‘zbekiston tumani tibbiyot birlashmasida norasmiy yordamchi IT mutaxassisi sifatida ishlab kelgan fuqaro uni axborot texnologiyalari operatori lavozimiga rasmiy ishga olishni so‘rab, birlashma rahbariga murojaat qilgan. Mansabdor shaxs ushbu masalani hal qilib berish evaziga 500 AQSH dollari talab qilgan.
Fuqaroning murojaati asosida Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati boshqarmasi hamda tegishli idoralar tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida tibbiyot birlashmasi rahbari kelishilgan pul mablag‘ini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha O‘zbekiston tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud hukmiga ko‘ra, sobiq tibbiyot birlashmasi rahbari Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga asosan aybli deb topilgan. Unga ikki yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona, muassasa va tashkilotlarda mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik bilan bog‘liq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etish va uch yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda O‘zbekistonda 114 kishi pora olgani uchun qamalgani haqida xabar berilgandi.