Farg‘onada Damas’da 28 nafar bolani tashigan haydovchi ushlandi (video)
3-sahifa
−
01 avgust 1643 1 daqiqa
Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida 28 nafar bolani Damas rusumli avtomashinada noqonuniy olib ketayotgan haydovchiga chora ko‘rildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Toshloq tumani “Turvat” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida avtomobil to‘xtatilib tekshirilganda jami 28 nafar voyaga yetmagan yo‘lovchi bo‘lgan. Ulardan besh nafari oldingi o‘rindiqda harakatlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128 prim 8-moddasi asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda uning hisobiga 0,3 jarima balli yozilgan.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati fuqarolarni, xususan ota-onalarni bolalarni tashishda belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishga chaqirgan. Idora bunday qoidabuzarliklar bolalarning hayoti va xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Bosh prokuratura bolalarni tashish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni taklif qilmoqda. Bu bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, haydovchilarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida (20,6 million so‘mgacha) jarima, 3 yilgacha haydovchilik huquqidan mahrum etish, ayrim hollarda esa 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida Damas rusumli avtomobilda 17 nafar bola va bir nafar bog‘cha xodimasini olib ketayotgan haydovchiga chora ko‘rilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi