Samarqandda “hunar ko‘rsatgan” haydovchi 15 sutkaga qamaldi

Jamiyat

−

image

Samarqand tumanida yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan olti nafar haydovchiga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llandi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, mazkur ishlar Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Haydovchilardan biri transport vositasini boshqarish vaqtida “drift” qilib, o‘zi va boshqa yo‘l harakati ishtirokchilarining hayotini xavf ostiga qo‘ygan.

Sud qaroriga ko‘ra, unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shuningdek, YPX xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagan besh nafar haydovchining har biriga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida jarima solingan.

Sudda “drift” qilgan haydovchi avtomobil do‘stiga tegishli bo‘lganini, o‘zi esa haydovchilik guvohnomasiga ega emasligini aytgan. U drift qilishni telefonda ko‘rib, qiziqib sinab ko‘rganini bildirgan.

“Qilgan ishimdan pushaymonman. Hech kimga buni tavsiya qilmayman. Oxir-oqibat sudga olib kelishdi va 15 sutkaga qamashdi”, deydi u.

YPX xodimlarining talabiga bo‘ysunmagan haydovchilardan biri esa uni to‘xtatishayotganini ko‘rgan bo‘lsa-da, to‘xtamasdan ketib qolganini tan olgan.

“Haydovchilarga maslahatim YPX xodimlari to‘xtatganda, albatta, to‘xtashlarini so‘rayman. Bugun sud bo‘ldi, yetti baravar jarima qo‘llanildi. Qilgan ishimdan pushaymonman, ikkinchi marta takrorlanmaydi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida mototsiklning orqa balonini tutatgan qizga chora ko‘rilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing