Rahmon Rog‘un GESi to‘g‘onining balandligi qanchaga yetganini aytdi

Olam

image

Rog‘un GES qurilishiga hozirgacha jami 60,3 mlrd somoni yo‘naltirildi. Bu haqda Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bugun, 21 avgust kuni stansiya quruvchilari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihani belgilangan muddatda yakunlash mamlakat uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega. Prezident quruvchilarga fidokorona mehnatlari uchun minnatdorlik bildirib, to‘g‘on balandligining 1155 metrlik belgiga yetkazilishi Tojikiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga “munosib sovg‘a” bo‘lganini ta’kidlagan.

“Gidroelektrostansiya qurilishi jarayonida siz misli ko‘rilmagan matonat va jasorat ko‘rsatib, asrning buyuk qurilishini – Tojikistonning munosib xalqi orzu-umidlarining ro‘yobini milliy sha’n va qadr-qimmat maydoniga, vatanparvarlik va vatanga bo‘lgan muhabbat namoyishi maydoniga aylantirdingiz. Men “Rog‘un” quruvchilarining mas’uliyati, tajribasi va halol mehnatiga to‘liq ishonaman”, deydi Rahmon.

Rahmonning aytishicha, 2027 yilda to‘g‘on balandligi 1185 metrga, suv omboridagi suv sathi esa kamida 1165 metrga yetkazilishi kerak. Ushbu ko‘rsatkichlar keyingi yilda mamlakatning to‘liq energetik mustaqilligini ta’minlash uchun zarur.

Uning ma’lum qilishicha, 2025 yilda respublika byudjetidan qurilish ishlariga 8,1 mlrd somoni, 2026 yilda esa 11,4 mlrd somoni ajratish ko‘zda tutilgan. 2026 yilning yetti oyi davomida barcha manbalardan qurilish-montaj ishlariga 8,4 mlrd somoni sarflangan. 2008 yildan beri stansiyani qurish va qayta tiklash uchun davlat va boshqa moliyalashtirishning umumiy hajmi 60,3 mlrd somoniga yetgan.

Hozirda ob’ektda 20 ming atrofida ishchi va muhandis-texnik xodimlar mehnat qilmoqda, 4000 ga yaqin mashina va mexanizmlar jalb etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tojikiston Moliya vaziri Fayziddin Qahhorzoda Dushanbeda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rog‘un GESi kabi yirik loyihani xalqaro banklar, xorijiy davlatlar va jamg‘armalarning moliyaviy qo‘llab-quvvatlashisiz amalga oshirishning imkoni yo‘qligini aytib, loyihadagi moliyaviy qiyinchiliklar tan olgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing