Rahmon Mirziyoyevdan o‘rnak olib, Suriyadagi fuqarolarini Vatanga qaytarmoqchi
Olam
−
07 Oktabr 2019
4967Imomali Rahmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan o‘rnak olib, Suriyadagi qochqinlar lagerida dahshatli sharoitlarda istiqomat qilayotgan tojik bolalari va ayollarni Vatanga qaytarishga tayyorlanmoqda.
Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ma’lum qilishicha, yaqinda tojik diplomatlari Suriyaning yuqori lavozimli amaldorlari bilan uchrashib, tojikistonliklarning shaxsini aniqlash va Vatanga qaytarish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishgan.
Qayd etilishicha, diplomatlar Suriyadagi qochqinlar lagerlarida qancha tojikistonlik borligini aniqlashtirmoqda.
Hukumatning topshirig‘iga ko‘ra, Tojikistonning Kuvayt va Iroqdagi elchisi Zubaydullo Zubaydzoda Damashqda bo‘lib turibdi. U so‘nggi kunlarda Suriya hukumati va qurolli muxolifat vakillari bilan uchrashganini ma’lum qilgan.
Muzokaralarning asosiy mavzusi qochqinlar lagerlarida yashayotgan Tojikiston fuqarolarini Vatanga qaytarishdan iborat bo‘ldi. Biroq Zubaydzoda vatandoshlarni Suriyadan qaytarish bilan bog‘liq reja tafsilotlarini ochiq aytmagan. U faqat rejani hayotga tatbiq etish yaqin oylarda boshlanishini ma’lum qilgan, xolos.
Joriy yilning may oyi boshlarida Tojikiston TIVga BMTning qochqinlar lagerida bo‘lib turgan tojikistonlik 34 nafar ayol murojaat qilib, Vatanga qaytishlari uchun yordam ko‘rsatishlarini so‘ragan edi. Bu ayollarning har birida bittadan beshtagacha bola bor.
Internetda qarindoshlari orqali hukumatga murojaat qilgan ayollar so‘nggi ikki yilda ISHID egallab turgan hududlarni ozod qilgan kurdlarga asir tushgan.
Tojikiston rasmiylarining ma’lumotiga ko‘ra, ayni damda Suriyadagi qochqinlar lagerlarida bir necha yil muqaddam ISHID safiga kirib qolgan jangarilarning oila a’zolari bo‘lmish kamida 575 nafar xotin-qiz va bolalar bor.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tojikistonliklarning ko‘pchiligi Xasakiya viloyatida joylashgan “Al-Xol” lagerida yashamoqda.
Ularning taxminan 90 nafari ayollardir, 200 dan ortiq qiz va 240 dan ko‘proq o‘g‘il bola bor. Bolalarning yoshi 1 dan 17 yoshgacha. Ulardan 134 nafari so‘nggi ikki yilda tug‘ilgan.
Umumiy hisobda “Al-Xol” qochqinlar lagerida kamida 70 ming kishi, ulardan taxminan 10 ming xorijlik ushlab turilibdi. Bu haqda 11 sentyabr kuni BMTning Suriyaga oid hisoboti mualliflari ma’lum qilgan edi.
Shu oyda otalari harbiy harakatlarda halok bo‘lgan yoki bedarak ketgan, onalari esa qamoqqa tashlangan 84 nafar tojik bolasini Iroqdan qaytargan Tojikiston rasmiylari qo‘shni Suriyada bo‘lgan Tojikiston fuqarolarini vatanga qaytarish masalasida ish olib borilayotganini ma’lum qilgan edi.
Biroq, rasmiylarning ma’lum qilishicha, bu toifadagi fuqarolarning repatriatsiya (yurtga qaytarish) qilish talablari hozircha oydinlashtirilmagan.
“Bir vaqtlar ISHID nazoratida bo‘lgan hududlardan fuqarolarni vatanga qaytarish borasidagi dasturni hayotga tatbiq qilish uchun ikki mamlakat o‘rtasida ma’lum bir hujjatlar imzolanishi kerak”, deya ta’kidlaydi Tojikiston TIV.
Yodingizda bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning maxsus topshirig‘iga binoan, joriy yilning may oyi oxirida mutlaqo mahfiq muhr bilan “Mehr” operatsiyasi o‘tkazilib, “Al-Xol” lagerida yashab kelayotgan 156 nafar o‘zbekistonlik ayollar va bolalar O‘zbekistonga qaytarilgan edi.
LiveBarchasi