Rahmon Mirziyoyevdan keyin To‘qayev bilan ham Afg‘oniston masalasini muhokama qildi

Olam

image

Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqotidan so‘ng yana bir muloqotni amalga oshirdi. Uning galdagi telefon suhbati Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan bo‘ldi. Prezidentlar Afg‘onistondagi keskin vaziyat va uning mintaqaga ta’sirini muhokama qilganlar. 

Tojikiston rasmiy axborot agentliklarining xabarida qayd etilishicha, suhbat davomida Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi sharoitida Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat to‘g‘risida atroflicha fikr almashilgan. 

Qozog‘iston Prezidenti Tojikiston bilan do‘stlik munosabatlarining daxlsizligini tasdiqlagan. 

“Qozog‘iston Kosim-Jomart To‘qayevning 19-20 may kunlari Dushanbega tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni bajaradi va birodar tojik xalqiga yordam berishda davom etadi”, deyiladi Qozog‘iston tomoni axborotida. 

Tomonlar Afg‘onistonning shimoliy va shimoli-sharqiy viloyatlarining chegara hududlarida vaziyatning avj olishidan xavotir bildirganlar. 

Shu munosabat bilan mintaqaviy xavfsizlikka mavjud tahdidlarning oldini olish maqsadida ikki mamlakat vakolatli organlari va tegishli vazirlik va idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha keyingi qo‘shma qadamlarning ahamiyati qayd etilgan.

Faollashgan "Tolibon"

Qayd etish kerakki, joriy yilning 1 may kuni AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Amerika va NATO kuchlarini Afg‘onistondan ketishni boshlaganidan beri 50 dan ortiq tumanni o‘z nazorati ostiga olgan.

Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi. 

So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.

Bugun, 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Imomali Rahmon Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

19

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing