Rahmon tojik-afg‘on chegarasiga 20 ming qo‘shin yubordi
Olam
−
05 iyul 2021
14203Bugun, 5 iyul kuni Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon Mudofaa vaziri Sherali Mirzoga tojik-afg‘on chegarasini yanada mustahkamlash uchun 20 ming zaxira qo‘shinlarini safarbar etishni buyurdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Davlat rahbari Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi paytida 20 ming harbiy xizmatchini safarbar qilish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, yig‘ilishda tojik-afg‘on davlat chegarasidagi vaziyatning keskinlashishi munosabati bilan chegara hududlarida xavfsizlikni ta’minlash va davlat chegarasini qo‘riqlashni kuchaytirish bo‘yicha choralar ko‘rish masalasi muhokama qilindi.
“Afg‘oniston va Tojikiston chegarasidagi siyosiy vaziyatning keskinlashishini hisobga olgan holda, davlat rahbari Xavfsizlik Kengashi a’zolariga, kuch tuzilmalari rahbarlariga, huquqni muhofaza qilish idoralariga xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha aniq choralar ko‘rishni buyurdi. Davlat chegarasini qo‘riqlash maqsadida chegarani qo‘riqlash salohiyatini kuchaytirish va kerakli hududlarga qo‘shimcha qo‘shin yuborish bo‘yicha buyruq berildi”, deyiladi xabarda.
Matbuot xizmati Prezident Rahmon chegara salohiyatini mustahkamlash bilan bir qatorda davlat chegarasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga, shu jumladan transmilliy jinoyatchilik, terrorizm, ekstremizm va giyohvand moddalar savdosining oldini olishga alohida e’tibor berishni buyurganini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamdulla Mohib toliblar mamlakat shimolida bir qator hududlarni egallab olgani va oldinga siljishda davom etayotganini aytgandi.
Qayd etish kerakki, Prezident Rahmonning xavotirlari jiddiy. U bugunnig o‘zida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Rossiya davlat rahbarlari bilan telefon orqali suhbat qilib, Afg‘oniston masalasini muhokama qilgan.
Faollashgan "Tolibon"
Qayd etish kerakki, joriy yilning 1 may kuni AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Amerika va NATO kuchlarini Afg‘onistondan ketishni boshlaganidan beri 50 dan ortiq tumanni o‘z nazorati ostiga olgan.
Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi.
So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.
Bugun, 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.
LiveBarchasi