Tojik-afg‘on chegarasidagi vaziyat keskinlashsa, Rossiya Tojikistonga yordam berishni va’da qildi
Olam
−
05 iyul 2021
10217Bugun, 5 may kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml rasmiy saytida xabar berildi.
Muloqot chog‘ida Afg‘oniston hududida, shu jumladan chegara zonasida qurolli qarama-qarshiliklarning kuchayishi natijasida tojik-afg‘on chegarasida kelib chiqqan qiyin vaziyat batafsil muhokama qilindi.
“Vladimir Putin Tojikistonga ham ikki tomonlama, ham Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti doirasida kerakli ko‘mak berishga tayyorligini tasdiqladi”, deyiladi Kreml xabarida.
Davlat rahbarlari Rossiya-Tojikiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, turli darajalarda aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.
Avvalroq Imomali Rahmon O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilgandi.
Faollashgan "Tolibon"
Qayd etish kerakki, joriy yilning 1 may kuni AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri “Tolibon” keskin harakat qilmoqda. Amerika va NATO kuchlarini Afg‘onistondan ketishni boshlaganidan beri 50 dan ortiq tumanni o‘z nazorati ostiga olgan.
Natijada Tahor viloyatining Chaheb, Yangi Kal’a, Darkad, Dashti Qal’a, Xojag‘or tumanlari, Qunduz viloyatining Dashti Archi, Imom Sohib va Qal’ai Zol tumanlari, shuningdek Sherxon-Bandar va Kokul nazorat punktlari “Tolibon” nazorati ostiga o‘tdi.
So‘nggi kunlarda toliblar bilan janglarda og‘ir zarbaga uchragan afg‘on qo‘shinlarining qo‘shni respublikalar hududiga qochib o‘tish holatlari kuzatildi. Jumladan, joriy yilning 22 iyun kuni 130 dan ortiq afg‘on harbiylari chegaradosh Tojikistonga, 23 iyun kuni esa ularning 53 nafari O‘zbekistonga qochib o‘tgan.
Bugun, 5 iyul kuni ham 1000 dan ortiq Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” jangarilarining hujumi sabab qo‘shni Tojikistonga qochib o‘tdi.
LiveBarchasi