Reper yoki telejurnalist. Nepal yoshlari kimning gapiga kiradi?
Olam
−
11 Sentabr 2025 5912 3 daqiqa
9 sentyabr kuni kamida 19 kishi halok bo‘lgan, ijtimoiy tarmoqlarga qo‘yilgan taqiq ortidan avj olgan va keng ko‘lamli korrupsiyaga qarshi chiqishlar tufayli bosh vazir iste’fo bergach, Nepal siyosiy beqarorlikka tushdi.
Kambg‘al Himoloy davlati yana bir bor "chorrahada" turibdi. Quyida nima bo‘lishi mumkinligiga nazar tashlaymiz.
Yaqin istiqboldagi qadamlar qanday?
Armiya namoyishchilarni muzokaralarda ishtirok etishga chaqirdi. Biroq namoyishchilarning asosiy qismi – 1997-2012 yillar oralig‘ida tug‘ilgan Z-avlod vakillari, ya’ni yagona yetakchiga ega emas. Shu bois, rasmiylar aniq kim bilan muzokara qilishi noaniq.
“Z-avlod muzokara guruhini tuzishi kerak”, dedi konstitutsiya bo‘yicha mutaxassis va Oliy sudning sobiq sudyasi Balaram K.S.
Uning aytishicha, Prezident shundan keyin guruh va boshqa taraflar – fuqarolik jamiyati vakillari hamda armiya bilan muzokaralar olib borishi lozim.
Konstitutsiya nima deydi?
Nepalning 2015 yilgi Konstitutsiyasiga ko‘ra, yangi bosh vazir parlamentda ko‘pchilikka ega partiyadan tayinlanishi kerak. Agar birorta partiya ko‘pchilikka ega bo‘lmasa, Prezident ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlay oladigan shaxsni tayinlaydi. U keyin 30 kun ichida ishonch ovozini qo‘lga kiritishi zarur.
Agar bu amalga oshmasa, “menda yetarli ovoz bor” deb da’vogarlik qiladigan har qanday a’zo tayinlanishi mumkin. Lekin u ham ishonch ovozini yo‘qotsa, parlament tarqatiladi va saylov o‘tkaziladi.
Biroq yirik siyosiy partiyalar yetakchilari namoyishchilar ko‘zida e’tibordan qolgan va ko‘pchiligi yashirinib yurgani bois, namoyishchilar bu jarayonni qabul qiladimi-yo‘qmi, hali noaniq.
Mavuqqat hukumat tuzilishi mumkinmi?
Konstitutsiyada vaqtinchalik hukumat haqida qayd yo‘q. Biroq mutaxassislar konstitutsiya normalarini vaqtincha chetga qo‘yib, namoyishchilar vakillari qabul qiladigan hukumat tuzishni taklif qilmoqda.
“Bunday hukumat Z-avlod talab qilayotgan islohot kun tartibini olib borishi va olti oy ichida yangi parlament saylovini tashkil qilishi mumkin”, dedi konstitutsiya bo‘yicha mutaxassis Bipin Adxikari.
Uning ta’kidlashicha, bunday hukumat keng qamrovli vakillikka ega bo‘lishi zarur.
Z-avlod kimni qo‘llashi mumkin?
Namoyishchilar yoshlar orasida ommalashgan ikki nomzodni ilgari surishi mumkin:
- Balendra Shax (35 yoshda) – reper va musiqa ijodkori. 2022 yilda Katmandu meri etib saylangan. Yoshlar uni shaharni tozalash bo‘yicha harakatlari uchun yaxshi ko‘radi.
- Rabi Lamichxane – sobiq televideniye jurnalisti. 2022 yilda “Rashtriya Svatantra partiyasi”ni tuzgan. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, 9 sentyabr kuni namoyishchilar moliyani suiiste’mol qilish aybi bilan qamalgan Lamichxaneni qamoqdan chiqarib olgan.
Yangi Konstitutsiya qabul qilinishi mumkinmi?
Nepal 2008 yilda monarxiyani tugatib, 2015 yilda yangi Konstitutsiyani qabul qilgandi, garchi o‘shanda ham unga qarshi chiqishlar bo‘lgan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar Konstitutsiyani qayta yozishni talab qilmoqda. Amaldagi hujjat o‘zgarishlarga yo‘l qo‘yadi, ammo ular parlament tomonidan ma’qullanishi shart.