Apple smartfonlarini qasddan sekinlashtirishda ayblandi
Texnologiya
−
03 mart 2020
5036Apple kompaniyasi iste’molchilarni yangi mahsulotlarini sotib olishga undash maqsadida qurilmalarni ataylab sekinlashtirgan. Bu haqda uni sudga bergan smartfon egalarining shikoyat xatida qayd etilgan.
TASS agentligining xabar berishicha, kompaniya da’vogarlarga 500 million dollargacha tovon puli to‘lashga rozi bo‘lgan.
Unda Apple va da’vogarlar o‘rtasida kelishuv bitimi loyihasi keltirilgan. Da’vogarlarning ta’kidlashicha, dasturiy ta’minot yangilanganidan keyin ularning uyali aloqa vositalari ancha yomon ishlay boshlagan. Shunday qilib smartfonlarni batareyasini almashtirish yoki yangisini olish kerak degan fikr paydo bo‘lgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Apple ayblovlarni rad etgan. Harorat o‘zgarishi, individual qurilmalarga katta yuk tushishi va smartfonlardan foydalanishning boshqa xarajatlari tufayli eski iPhone’ning funsionalligi yomonlashayotganini ta’kidlagan. Kompaniya yangilangan OS tizimida aniqlangan kamchiliklarni tezda bartaraf etishini ma’lum qilgan.
Nashrning ta’kidlashicha, Apple har bir da’vogarga 25 dollar kompensatsiya to‘lashga tayyor. Kelishuv bitimi loyihasini San-Xose okrugi sudyasi Edvard Davilaning (Kaliforniya shtati) ma’qullashi uchun tovon pulining umumiy miqdori 310 million dollardan kam bo‘lmasligi va 500 million dollardan oshmasligi kerak.
Ma’lumot uchun, 1976 yilda asos solingan Apple kompaniyasi iPhone smartfonlari, iPad planshetlari, iMac kompyuterlari, Macbook noutbuklari, iPod musiqa pleyerlari va boshqa yuqori texnologik uskunalarni ishlab chiqaradi.
LiveBarchasi