“Qanotchi”ning qanotini qayirdilar. Restoran yana yopildi, aybdorlar javobgarlikka tortiladi
Jamiyat
−
11 may 2020
25870Avvalroq, O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining cheklovlariga qaramasdan Toshkentdagi “Qanotchi” restorani odatiy tartibda ish boshlagani, bu esa boshqa restoratorlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgani, “Qanotchi”ning shoxi bormi savollarni keltirib chiqarayotgani haqida xabar bergan edik. Toshkent shahar hokimligi ushbu masala rasman munosabat bildirdi.
“Bu poytaxtimiz maskanlari bosqichma-bosqich ochilishi uchun chora-tadbirlar tartibini ishlab chiqish uchun zarur edi. Ayni vaqtda eksperiment yakuniga yetgan, restoran yopilgan”, deb boshlanadi Ortiqxo‘jayev rahbariligidagi hokimlik izohi.
Qayd etilishicha, SEOM (Sanitariya-epedimeologik osoyishtalik markazi), IIBB (Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi) va Toshkent shahar hokimligining umumiy xulosasiga asosan, shahar umumiy ovqatlanish maskanlarining ochilishi uchun choralar rejasi hamda reglamenti ishlab chiqiladi.
“Eksperiment doirasida “Qanotchi” restorani ma’muriyati o‘z hisobidan ovqatlanish zalini SEOM me’yorlari asosida jihozlab, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirdi va mehmonlarni zalda joylashtirish, ularga xizmat ko‘rsatish va kiritish bo‘yicha barcha belgilangan choralarni ishlab chiqdi.
Batafsil foto- va videohisobot maxsus Komissiyaga qaror qabul qilish uchun taqdim qilinib, uning asosida umumiy ovqatlanish maskanlarini ishga tushirish tartibi belgilanadi”, deyiladi xabarda.
Takror va takror eslatib o‘tish o‘rinliki, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq shahar va tumanlarda ularning “qizil, “sariq” va “yashil” toifaga kirishiga qarab karantin cheklovlarini yumshatish belgilangandi. Biroq shu bilan birga, har qaysi toifa uchun birdek saqlanib qoladigan cheklovlar ham ma’lum qilingandi. Unda ko‘ngilochar ob’ektlar – tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik aniq va tiniq qilib belgilab qo‘yilgandi. Ushbu qarorda istisnolar yoki restoranlarni yangi talablar doirasida ishga tushirish mumkinligi va bu borada Toshkent shahar hokimligi, IIBB, SEOM kelishilishi haqida miq etilmagan. Agar restoratorlar o‘z hisobidan ovqatlanish zalini SEOM me’yorlari asosida jihozlab, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirib, mehmonlarni zalda joylashtirish, ularga xizmat ko‘rsatish va kiritish bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi aytganidek belgilangan (qayerda belgilangani noma’lum) choralarni ishlab chiqishi va restoranini ishga tushirishi mumkin bo‘lsa, nega bu tartib ommaviy ravishda rasman e’lon qilinmadi?
Toshkent shahar hokimligi “Qanotchi” restoranining odatiy tartibda faoliyatini davom ettirayotgani bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan axborot mualliflariga nisbatan chora ko‘rilishini ochiqladi.
“Restoranning odatiy tartibda ishga tushgani haqida ommaga taqdim qilingan ma’lumot yuzasidan esa, noto‘g‘ri axborot tarqatib poytaxt aholisiga yanglish ma’lumot berishda aybdorlar, qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi”, deyiladi xabarda.
Xo‘sh, belgilangan tartibda javobgarlikka tortilsa, bu qaysi tartib? Bu karantin qoidalarini buzish emasmi? Toshkent hashar hokimligi “Qanotchi” restorani ma’muriyati o‘z hisobidan ovqatlanish zalini SEOM me’yorlari asosida jihozlab, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirdi va mehmonlarni zalda joylashtirish, ularga xizmat ko‘rsatish va kiritish bo‘yicha barcha belgilangan choralarni ishlab chiqdi”, demoqda. Ishlab chiqilgan choralar asosida faoliyatni tiklashga qaysi tashkilot ruxsat bergan? Agar choralar ishlab chiqilgan va ma’qullangan bo‘lsa, hammasi qonuniy bo‘lsa unda restoran nega yana yopildi? Savollar juda ko‘p.
Darvoqe, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan karatin qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Ichki ishlar vazirligiga yuklatilgan. Xo‘sh, bu yuqori rutbali tashkilotlar nega jim? Yo “Qanotchi”ning emin-erkin ish boshlagani haqida internetda tarqalgan e’lonlar ularga yetib bormadimi?
Shu o‘rinda quloqqa chalingan gaplardan gaplashsak. “Qanotchi” restorani tashqi muhitda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevniki deb ko‘rib kelinadi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilishicha, restoranning ta’sischisi Rahmon Poziljonov. U bir vaqtlar “Akfa media” prodyuserlik kompaniyasiga rahbarlik qilgan. Kompaniyada faoliyat yuritgan xonanda Jahongir Poziljonovning akasi. Manbalarga ko‘ra, Ortiqxo‘jayev ham oila a’zolari bilan ko‘p bor ushbu restoranda mehmon bo‘ladi. Buni esa quyidagi video ham isbotlaydi.
LiveBarchasi