“Qanotchi” restorani rahbariyati javobgarlikka tortildi. Shahar hokimligi yolg‘on bayonot tarqatgan

Jamiyat

image

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevniki ekani aytib kelinadigan “Qanotchi” restorani koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan o‘rnatilgan karantin talablariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik yo‘l bilan faoliyat yuritgan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi xabar bermoqda. 

Restoran kecha, 10 may kuni faoliyatini boshlaganini e’lon qilgandi. Keyinroq, ushbu holat boshqa restoratorlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgani QALAMPIR.UZ saytida yoritildi. Ko‘p o‘tmay, Toshkent shahar hokimligi restoran keshilgan tartibda tajriba uchun ochilganini ma’lum qilib chiqdi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi esa buni rad etmoqda. 

“Toshkent shahar Yakkasaroy tuman Sanitariya-epidemiologiya osoyishtaligi markazining 2020 yil 9 maydagi bildirgi xatiga asosan Muqimiy va Qushbegi 1-tor ko‘chasi 21-uyda joylashgan “GOURMET RESTAURANT” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “QANOTCHI” qahvaxonasi karantin talablariga rioya etmasdan o‘zboshimchalik yo‘l bilan faoliyat yuritgani aniqlandi.

Holat yuzasidan zudlik bilan Toshkent shahar sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasining buyurtmasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Toshkent shahar vakilining 2020 yil 10 maydagi kelishuvi asosida tekshiruv amalga oshirildi.

Tekshiruv davomida O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 6 maydagi 21-sonli yig‘ilish bayoniga zid ravishda koronavirus pandemiyasi davrida ruxsat berilmagan faoliyat turi bilan shug‘ullanayotgani aniqlanib, ushbu korxonaning ish faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Qahvaxona rahbari Agzamov Sardorxo‘ja Erkinovichga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik bo‘yicha to‘plangan hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqish uchun Yakkasaroy tuman Ma’muriy sudiga kiritilmoqda”, deyiladi inspeksiya xabarida.

Kecha Toshkent shahar hokimligi ushbu restoran tajriba tarqasida ish boshlagani haqida ma’lum qilib, “Eksperiment doirasida “Qanotchi” restorani ma’muriyati o‘z hisobidan ovqatlanish zalini SEOM me’yorlari asosida jihozlab, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirdi va mehmonlarni zalda joylashtirish, ularga xizmat ko‘rsatish va kiritish bo‘yicha barcha belgilangan choralarni ishlab chiqdi.

Batafsil foto- va videohisobot maxsus Komissiyaga qaror qabul qilish uchun taqdim qilinib, uning asosida umumiy ovqatlanish maskanlarini ishga tushirish tartibi belgilanadi", deya bayonot bergandi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati Davlat inspeksiyasi bergan bayonotdan ko‘rinib turibdiki, Toshkent shahar hokimligi tarqatgan ma’lumot yolg‘on. 

Shu o‘rinda quloqqa chalingan gaplardan gaplashsak. “Qanotchi” restorani tashqi muhitda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevniki deb ko‘rib kelinadi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilishicha, restoranning ta’sischisi Rahmon Poziljonov. U bir vaqtlar “Akfa media” prodyuserlik kompaniyasiga rahbarlik qilgan. Kompaniyada faoliyat yuritgan xonanda Jahongir Poziljonovning akasi. Manbalarga ko‘ra, Ortiqxo‘jayev ham oila a’zolari bilan ko‘p bor ushbu restoranda mehmon bo‘ladi. 


Maqola muallifi

Teglar

Qanotchi

Baholaganlar

476

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing