Toshkent shahar IIBB “Qanotchi”ning ochilganiga izoh berdi
Jamiyat
−
11 may 2020
14284Avvalroq, Toshkent shahrida karantin vaqtida “Qanotchi” restorani mehmonlar uchun ochilgani haqida xabar bergan edik. Shundan so‘ng, Toshkent shahar hokimligi holatga izoh berib, restoran sinov tariqasida ochilganini ma’lum qildi va “Qanotchi” yana yopildi.
Bugun, 11 may kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi holat bo‘yicha o‘z izohini berdi.
Unga ko‘ra, karantin choralarini bosqichma-bosqich yumshatish rejasiga muvofiq, xizmat ko‘rsatish sohasi sub’ektlarining faoliyati asta-sekin tiklanishi ko‘zda tutilgan.
“Epidemiologik holat barqaror bo‘lgan tumanlarda tegishli sanitariya me’yorlarini o‘rnatgan holda maishiy do‘konlar, tibbiy diagnostika xizmatlari, taksi, tikuvchilik, maishiy texnika va oyoq kiyim ta’mirlash, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berilgan. Shu bilan birga konsert, teatr, kinoteatr, muzey, sport tadbirlari, marosimlarni o‘tkazmaslik bo‘yicha cheklovlar saqlanib qolinadi.
Shu munosabat bilan “Qanotchi” restoranida umumiy ovqatlanish joylarining sanitariya-epidemiologiya me’yorlariga rioya qilgan holda ishlash imkoniyatini o‘rganish maqsadida sinov o‘tkazildi. SEX xizmatlari ishchilari bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan sinov haqida Toshkent shahar IIBB xabardor qilingan edi.
Umumiy ovqatlanish joyi dezinfeksiya moslamasi, mijozlar stollarini ajratib turuvchi himoya ekranlari bilan jihozlanib, SEOM bosh shifokori M. Qutratxodjayevaning sharhida qayd etilganidek, “...ishlab chiqilgan xavfsizlik choralari rejasiga rioya qilayotgan edi”.
Sinov natijalari Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ma’lum qilinib, umumiy ovqatlanish joylari faoliyatini tiklash masalasi o‘rganiladi va uzil-kesil qaror qabul qilinadi.
Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari! Sizning intizomingiz va sabringiz tufayli koronavirus infeksiyasini to‘xtatib turish uddalanmoqda. Ammo hali tahdid to‘liq bartaraf etilgani yo‘q, Koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi karantin me’yorlarini to‘liq bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilmaguncha biz xavfsizlik masalalariga mas’uliyat bilan qarashda, karantin qoidalariga rioya qilishda davom etishimiz zarur”, deyiladi boshqarma bayonotida.
Avval ham aytganimizdek, Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq shahar va tumanlarda ularning “qizil, “sariq” va “yashil” toifaga kirishiga qarab karantin cheklovlarini yumshatish belgilangandi. Biroq shu bilan birga, har qaysi toifa uchun birdek saqlanib qoladigan cheklovlar ham ma’lum qilingandi. Unda ko‘ngilochar ob’ektlar – tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik aniq va tiniq qilib belgilab qo‘yilgandi. Qarorda istisnolar yoki restoranlarni yangi talablar doirasida ishga tushirish mumkinligi va bu borada Toshkent shahar hokimligi, IIBB, SEOM kelishilishi haqida biror gap-so‘z yo‘q. Ammo negadir Toshkent shahar hokimligi ham, IIBB ham holatga munosabat bildirganda uning sinov uchun ochilganiga urg‘u beryapti.
Aslida, IIBB Toshkentda komissiya qarorining to‘liq amal qilishini nazorat qilib borishi kerak bo‘lgan idora emasmi? “Ishongan tog‘da kiyik yotmas” deb shuni aytishadimi?
LiveBarchasi