“Qanotchi”ning shoxi bormi yoxud Toshkentdagi restoratorlar tengsizlikdan norozi

Jamiyat

image

Poytaxt Toshkentda karantin cheklovlari amal qilib turgan vaqtda ko‘pchilikka tanish bo‘lgan “Qanotchi” restorani ochilib, mehmonlarni qabul qila boshladi. Bu haqda restoranning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida e’lon qilingan.

“Qadrli do‘stlar, “Qanotchi” restorani ochilishini mamnuniyat bilan e’lon qilamiz. 10 maydan aziz mehmonlarimiz uchun biz yana eshiklarimizni ochamiz! Tanaffusdan so‘ng sizlarni mehmondo‘st maskanimizda ko‘rishni sabrsizlik bilan kutmoqdamiz!”, deyiladi restoran ma’muriyatining xabarida.

Qayd etilishicha, karantinga qaramay ochilgan restoran binosi to‘liq dezinfeksiya qilingan va kun davomida muntazam sanitar tozalash ishlari olib boriladi.

“Bunday qoidalar xodimlarimizga nisbatan ham qo‘llaniladi. Bizning faoliyatimiz barcha sanitar-epidemiologiya qoidalari asosida tashkil etilgan”, deyiladi qo‘shimcha ravishda.

O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi odamlar to‘planadigan kafe, bar, restoran va boshqa umumiy ovqatlanish muassasalarining faoliyatini taqiqlagan. Ularga faqatgina yetkazib berishga ruxsat berilgandi.

Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 maydagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq shahar va tumanlarda ularning “qizil, “sariq” va “yashil” toifaga kirishiga qarab karantin cheklovlarini yumshatish belgilangandi. Biroq shu bilan birga, har qaysi toifa uchun birdek saqlanib qoladigan cheklovlar ham ma’lum qilingandi. Unda ko‘ngilochar ob’ektlar – tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik aniq va tiniq qilib belgilab qo‘yilgandi.

Mavjud hujjatlarga ko‘ra, “Qanotchi” restorani Abdurahmon Poziljonovga tegishli. Shunga qaramay, uning haqiqiy egasi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ekani ham aytib kelinadi. Poytaxt hokimi oilasi bilan ko‘p bora restoranda mehmon bo‘lgan.

Shu o‘rinda aytish joizki, bizning OAV o‘laroq “Qanotchi”ning ochilganiga e’tirozimiz yo‘q. Agar Respublika maxsus komissiyasining qarori hammaga birdek bo‘lmasa yoinki sanitariya-epidemiologik qoidalarga rioya qilgan holda kafe va restoranlarni ochish mumkin bo‘lsa, bu haqda nega komissiya qarorida aytilmagan?

Qolaversa, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova bilan bog‘liq vaziyat kun tartibiga ko‘tarilib, qonun barcha uchun barobar emasmi degan masala jamoatchilikni o‘ylantirib turganda, “Qanotchi”ning ochilishi, uning asl xo‘jayini borasidagi mishmishlarga qo‘shilib, restoratorlar orasida norozilik keltirib chiqarmoqda. Ho‘sh, “Qanotchi”ning shoxi bormi?


Maqola muallifi

Teglar

karantin Qanotchi

Baholaganlar

1039

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing