QALAMPIR.UZ surishtiruvidan so‘ng, Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosariga nisbatan ish qo‘zg‘atildi

Jamiyat

image

Toshkentning Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari Shuhrat Qo‘chqorovga nisbatan intizomiy jazoga tortish bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi. Bu xaqda Bosh prokuratura QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, u qonun talablariga rioya qilmasdan tumanning 2-mavze, 7-uy oldi qismida rastalarni o‘rnatishga, shu yo‘l bilan vaqtinchalik foydalanishga yer maydoni ajratib berishga ruxsat berib, shu joyda kapital qurilma qurilishini oldini olish choralarini ko‘rmaganlikda ayblanmoqda.

Gap shundaki, joriy yilning 6 sentyabr kuni QALAMPIR.UZ jamoasi Toshkent shahri Yunusobod tumani 2-mavzeda qurilishi yakunlanmagan 14 ta bino prokuratura va ichki ishlar xodimlari ishtirokida buzib tashlanayotgani haqidagi murojaat yuzasidan o‘rganish o‘tkazish uchun voqea joyiga yetib boradi.

Ma’lum bo‘lishicha, tadbirkor do‘kon qurish uchun Yunusobod tuman hokimligiga murojaat qilgan. Tuman hokimi o‘rinbosari Shuhrat Qo‘chqorov imzosi bilan yengil konstruksiyali do‘kon qurilishiga e’tiroz yo‘qligi haqida javob xati kelgan. Keyinchalik, “Max Desigm House” MCHJ tomonidan hokim o‘rinbosariga do‘kon loyihasi ham taqdim etilgan. Yunusobod tumani hokimi o‘rinbosari og‘zaki tarzda do‘konlarni qurishga ruxsat bergan.

Yunusobod tumanida do‘kon qurgan tadbirkorlar QALAMPIR.UZ'ga qilgan murojaatida tuman hokimi o‘rinbosari Qo‘chqorov ustidan shikoyat qilgan. Ular Qo‘chqorov tadbirkorlarga qurilish uchun rasmiy hujjat olib berish va’da qilganini aytadi.

Biroq, bundan bir oy avval Yunusobod tuman hokimi Jahongir Ibrohimov qurilish maydoniga kelib “Max Disegm House” MCHJ tomonidan qurilayotgan do‘konlarni ko‘zdan kechirgan. Yunusobod hokimi qurilgan do‘konlarni buzish kerakligi, aks holda o‘zi buzdirishi haqida og‘zaki ogohlantirgan. Tadbirkor qurilish uchun ruxsat borligi, hokim o‘rinbosari Shuhrat Qo‘chqorov tomonidan e’tiroz bo‘lmaganini aytganidan so‘ng, buzish haqidagi gaplar to‘xtagan, ammo masala butkul hal bo‘lmagan.

Do‘konlarni qurish may oyida boshlangan. 4 oy davomida hech qanday e’tiroz qilinmagan. Tadbirkor anchagina mablag‘ sarflab, hokimiyat obodonlashtirishi kerak bo‘lgan joylarni o‘z cho‘ntagidan ta’mirlatgach, do‘kon ko‘zga ko‘rinib qolgandan so‘ng, buzdirish boshlangan.

14 sentyabr kuni Yunusobod tuman hokimi Jahongir Ibrohimov QALAMPIR.UZ muxbiri bilan suhbatda hududdagi tadbirkorlarning do‘konlari sud qarorisiz buzilganiga izoh berdi.

“Hech qanday qarorsiz qandaydir ob’ekt qurish mumkinmi?! Ularga qurmasligi haqida ikki marta ogohlantirish ham berilgan. O‘sha tadbirkor bilan o‘zim ham gaplashganman. “To‘xta, qurma!”, deganman. APZ-1, APZ-2 degan narsalar bor. Ertaga qayerdan suv ulaydi, qayerdan elektrga ulaydi, bu narsalar-chi?! Hech bo‘lmaganda qurilish loyihalariga javob beradigan joymi? Sizlar faqat bir tomonlama qaramanglar-da!

Meni tadbirkorlarga qarshiligim yo‘q. Men ulardan nima asosida qurilish boshlaganlari haqida so‘radim. “Qo‘chqorovning xati bor”, deyishdi. Mening o‘rinbosarim Qo‘chqorovning o‘sha xatini o‘qib ko‘rsangiz, bitta “Dala do‘kon” – yig‘ma bo‘lgani sababli sabzavotlar sotish uchun ruxsat berilgan. U ko‘p qavatli uylardan odamlar tushadi, shunday do‘konga ehtiyoj bor, deb uch-to‘rtta qariyaga qo‘l qo‘ydirib, ariza yozibdi. Uning bu ishi uchun rahmat! Lekin, o‘sha do‘kon yonidan yana 14 ta do‘kon qurishga ruxsat berilmagan-ku! Qurdirilgan do‘konlarning tagida issiqlik tarmog‘i bor. Nosozlik kelib chiqsa, atrofdagi ko‘p qavatli uylar issiq suvsiz qolib ketadimi?”, degandi Ibrohimov.

Eslatib o‘tamiz, do‘koni buzilayotgan tadbirkorlar murojaatini o‘rganish davomida jurnalist Feruza Najmiddinova, tasvirchi Xo‘jamiyor Xolmurodov va yurist Shohrux Olimjonovning jurnalistik faoliyatiga Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi Umid Azizov tomonidan to‘sqinlik qilingandi. Azizov yonidagi ichki ishlar posbonlariga OAV xodimlari tartibsizlik keltirib chiqarayotganini aytib, ularni Ichki ishlar bo‘limiga olib borishlarini buyuradi. Buning uchun maxsus avtobus ham chaqirtiriladi. Shuningdek, QALAMPIR.UZ xodimlaridan tasvirga olmaslik talab qilinadi. Shaxsan U.Azizov QALAMPIR.UZ tasvirchisi X.Xolmurodovni yoniga chaqirib, tasvirlarni o‘chirib yuborishini va voqea joyidan ketishini talab qiladi.

Prokuratura xodimi videolarni o‘chirish, aks holda jurnalistni va unga hamrohlik qilayotgan QALAMPIR.UZ xodimlarini Ichki ishlar bo‘limiga olib borish va kerakli joyda gaplashish bilan tahdid qilgan.

Bosh prokuratura ushbu holat haqiqatan ham ro‘y berganini aniqlab, avvaliga Azizovga "odob darsi" o‘tilganini ma’lum qilgandi. Biroq, bunga QALAMPIR.UZ e’tiroz bildirib, prokuratura xodimining xatti-harakatlari Jinoyat kodeksining 206-moddasi bilan malakalanishi kerakligi haqida rasmiy bayonot bilan chiqqan edi. Bugun, 17 sentyabr kuni Bosh prokuratura yana bir bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, Yunusobod tumani prokuraturasi xodimi Umid Azizovga nisbatan “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

207

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing