QALAMPIR.UZ 8 yoshda!
Bu qiziq
−
11 noyabr 2023
5149Axborotning, kompyuteringiz va gadjetlaringizda ko‘rayotgan, eshitayotgan va o‘qiyotgan axborotlaringizning kayfiyati bormi? Albatta, bor. Nega yo‘q bo‘lsin?! Biz kun-u tun turli kayfiyat va turli mazmundagi ma’lumotlarni uzatar ekanmiz, ularning u yo bu shaklda sizga ta’sir ko‘rsatishini bilamiz. Dunyomizni urushlar, qurolli to‘qnashuvlar, bolalar va onalar faryodi qurshab olgan shu kunlarda tanlagan kasbimiz nechog‘lik qiyin va mashaqqatli ekanini faqatgina biz bilan bir davrada bo‘lganlar, bir dasturxondan tuz totganlargina his qiladi. Va faqat kecha, bugun emas, 8 yildirki, shu qozonda qovurilamiz.
Aktyormiz, rollarimiz ko‘p. Muammosini aytib kelgan odamning dardkashiga, shifoxonada jon bergan bolaning ota-onasiga, adolatsizlik qurboni bo‘lgan erkakning ko‘z yoshlariga, zo‘rlangan qizaloqlarning nolasiga aylanamiz. Har birining o‘rniga o‘zimizni qo‘yib ko‘ramiz.
Yig‘laymiz, kulamiz, ezilamiz, bosimlarga uchraymiz, turtilamiz… Siz o‘qib, ko‘rib olqishlagan maqola va materiallar ortida qancha-qancha yurak og‘riqlari bor.
Tongimiz siznikidan ancha barvaqt otadi, tunimizning tayin vaqti yo‘q. Oqshom cho‘kkanini sezmaymiz, soatlarimiz, hatto, soniyalarimiz siznikidan farqli. Har qachongidan tez, har qachongidan sifatli, har qachongidan xolis axborot yetkazish uchun tinim bilmayapmiz. Ta’ma yo diydiyo deb qabul qilmang, shunchaki bizni o‘qiganingiz, ko‘rganingiz va eshitganingizda mehnatimizni munosib baholang. Axir QALAMPIR bizniki bo‘lgani qadar Sizniki ham.
Siz bilan 8 yilni ortda qoldirdik, bugun 8 yoshni qarshiladik. QALAMPIR.UZ tashkil topganda aytganimiz va har yil bir yoshga ulg‘ayganida eslaydiganimiz bir gap bor: hammasi xayoldan boshlanadi. Biz xayol qildik, xayol qilishdan qo‘rqmadik va xayollarimiz ortidan yurdik, yurishda davom etyapmiz. Bu yo‘l uzun. QALAMPIR’ingizning umri esa bardavom bo‘lsin!
LiveBarchasi