Sobiq buxgalter, Paralimpiya chempioni – Husniddin Norbekov bilan suhbat

Intervyu

Tokioda 19 ta medalni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi vakillari orasida ikki karra Paralimpiada chempioni unvoniga sazovor bo‘lgan sportchilar oz emas. Ulardan biri disk va yadro uloqtirish yo‘nalishida jahon rekordchisi hisoblangan Husniddin Norbekovdir. Navoiylik sportchi Paralimpiya o‘yinlarining murosasiz kechgan final bahsida argentinalik raqibidan 23 sm yaxshiroq natija qayd etib, oltin medalini qo‘lga kiritdi.

QALAMPIR.UZ yengil atletika bo‘yicha ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, uch karra Jahon chempioni Husniddin Norbekov bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida uning sportga kirib kelishi, murabbiyi, kollejda buxgalteriya sohasida tahsil olgani, dastlabki musobaqalardagi muvaffaqqiyatsiz ishtiroki va hayotdagi qiyinchiliklari haqida so‘z boradi.

Husniddin Norbekov bilan intervyuni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Humoyun Oripov, muxbir: — Tokio Paralimpiadasining yadro uloqtirish bahslarida argentinalik Ernan Urra bilan o‘zaro raqobat olib bordingiz. U so‘nggi urinishida natijangizni 10 smga yaxshiladi va 1-o‘ringa chiqib oldi. Sizda so‘nggi imkoniyat qolgan, agar 15.90 metrdan uzoqroqqa toshni irg‘itsangiz oltin, aks holda kumush medal nasib qilar edi. O‘z urinishingizni muvaffaqqiyatli bajarib, 16.13 m natija qayd etdingiz. Aynan o‘sha jarayondagi ruhiy holatingiz va taassurot haqida gapirsangiz.

Husniddin Norbekov, yengil atletika bo‘yicha Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi: — To‘g‘ri aytasiz, sportchi mag‘lubiyatni yomon ko‘radi. Buni ko‘p yillardan buyon sinovdan o‘tkazib kelaman. Doimo birinchilikni egallashga harakat qilaman va uni boy berishdan qo‘rqaman. Chunki, ikkinchi o‘rinni egallash ba’zida sportchining irodasini sindirishi mumkin. To‘g‘ri, oldinda musobaqalar bo‘ladi, biroq yana oltin medal qo‘lga kirita olmaslik fikri unga halaqit qilmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Shuning uchun, birinchilikni saqlab qolishga harakat qilganman va bu yo‘lda mehnatdan to‘xtamadim.

Ob-havo qanday bo‘lishidan qat’i nazar, har kuni 4-5 marta mashg‘ulot o‘tkazishga ham to‘g‘ri kelgan. Axir, oldinda Olimpiada kutib turgandi. Xalqimiz, oilamiz va Prezidentimizning ishonchini oqlashimiz kerak edi. Shukrki, oltin medalni qo‘lga kiritdim. Oyog‘imda og‘ir jarohat bor edi. Omadim keldi, xalqimizning duosi va qo‘llab-quvvatlashi sababli yuzim yorug‘ bo‘ldi.

H.O.: — Demak, sportchi uchun ruhiy holat juda muhim. Sizdan avval sport vakillari bilan suhbatlashdik. Lekin, Husniddin Norbekov haqida u qadar ko‘p ma’lumotga ega emasliklarini ta’kidlashdi. Ko‘pchilik uchun qiziq, sport bilan shug‘ullanishni qachon boshlagansiz va birinchi murabbiyingiz kim? Nima uchun, aynan yengil atletikani tanlagansiz?

H.N.: — Bu sportni tanlashimga birinchi murabbiyim Igor Gennadevich Shishkov sababchi bo‘lgan. Bu inson 2009 yilda yengil atletika bilan shug‘ullanishni maslahat bergan. Toshkentda yengil atletika klubi ochilgani, agar yadro va disk uloqtirish sporti bilan shug‘ullansam, menga murabbiylik qilishini aytgan. Bu men uchun qiziqarli tuyulgan va taklifni qabul qilganman. O‘zim tug‘ilib o‘sgan Navoiy viloyatining “Ximik” stadionida mashg‘ulot o‘tkazishni boshlaganman.

Avvaliga imkoniyatimdan kelib chiqib, anchagina qiynalgan edim. Lekin kun o‘tishi bilan yengil atletikaga bog‘lanib, sekin-asta natijalarga erisha boshladim. Murabbiyim bilan Osiyo va Jahon chempionati, Olimpiya o‘yinlarida g‘alaba qozonishni maqsad qildik. Shishkov menga ishonch bildirdi va motivatsiya berdi. Shu sababli kun o‘tgan sari natijalarim yaxshilanib bordi.

Birinchi marta Xitoyning Guanchjou shahrida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida ishtirok etdim. Stadiondagi 35 ming muxlis qarshisida kuchli raqiblar bilan bellashdim. Biroz omad yetishmadi va kumush medalni qo‘lga kiritdim.

Bu natija murabbiyimga ishonch berdi. Igor Shishkov meni va oila a’zolarimni ham Olimpiya o‘yinlarida g‘olib bo‘lishimga ishontirdi. Ilk marta 2012 yilgi London Paralimpiadasida ishtirok etdim. Bunday katta musobaqada ishtirok etish sportchi uchun orzu va ulkan baxt desam, adashmayman. Birinchi o‘ringa chiqib, yana ikkinchi pog‘onaga tushib ketganman. Yakunda 4-o‘rin bilan musobaqani tugatdim. Tajribali raqiblarim medallar uchun kurashda mendan o‘tib ketgandi. Natijani qabul qilishga qiynaldim. Sportchi uchun yutqizish juda alamli bo‘ladi.

H.O.: — Ayniqsa, 4-o‘rin...

H.N.: — Albatta, 4-o‘rin sportchini birdaniga sindirib qo‘yishi mumkin. Murabbiyim ruhan dalda berib, bor e’tiborni keyingi musobaqalarga qaratishga undadi. Rioda bugungi mag‘lubiyatning alamini olishimiz, qattiq tayyorgarlik ko‘rsak, jahon rekordini o‘rnatib, oltin medalni qo‘lga kiritishimiz mumkinligini aytdi. O‘zbekistonga qaytganimizda, yaxshi natija qayd etmaganimiz uchun bizga e’tibor berishmadi. Chunki medal olmasa, sportchi e’tiborsiz qolib ketadi. Bir oy muddatda o‘zimga keldim va mashg‘ulotlarni boshladim. Xudo xohlasa, raqiblarimni Rioda ortda qoldirishni maqsad qilib qo‘ydim.

2014 yilda Koreyaning Incheon shahrda Paraosiyo o‘yinlari o‘tkazildi. Disk uloqtirishdan ilk oltin medalni aynan o‘sha musobaqada qo‘lga kiritganman.

Birinchi marta Incheondagi Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdim. Osiyoda medal qo‘lga kiritish ham katta natija hisoblanardi. Chunki bu musobaqa ham 4 yilda bir marta o‘tkaziladi. 2015 yilda Qatarning Doha shahrida Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Bunga qadar ikki marta Jahon chempionatida ham to‘rtinchi o‘rinni egallagandim. Yutqizish juda alamli bo‘lgan. Dohada esa disk uloqtirish bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritdim va bu natija Olimpiya o‘yinlaridan avval menga ishonch bag‘ishladi. Yanada ko‘proq mehnat qilib, 2016 yilgi Rio Olimpiadasida 59,75 m masofaga diskni uloqtirib, jahon rekordini o‘rnatdim va murabbiyimga aytgan so‘zlarimning uddasidan chiqdim. Bu natija tarixda qoladi, sababi, Tokio Olimpiadasida avvalgi raqiblarim 55 metr natija bilan medal qo‘lga kiritishdi. Menimcha, ushbu rekord ancha vaqtgacha saqlanib qoladi. O‘shanda yadro uloqtirish bo‘yicha ham bahslarda ishtirok etib, bronza medalni qo‘lga kiritib, oltin va bronza medallar bilan O‘zbekistonga qaytib keldim.

H.O.: — Rio Olimpiadasi nafaqat olimpiyachilar balki paralimpiyachilar uchun ham esda qolarli bo‘lgan. Sababi, har ikki yo‘nalishda ham tarixdagi eng yaxshi natija qayd etilgandi. O‘zingiz ishtirok etgan deyarli barcha musobaqada oltin medalni qo‘lga kiritdingiz. Aytingchi, 12 yil davomida bunday natijalarga erishish uchun nimalardan voz kechdingiz?

H.N.: — Juda ko‘p narsalardan voz kechdim: oilam va ota-onamning yonida bo‘la olmadim. Yig‘inlar davomida bir necha oylab uyda bo‘lmaymiz, mehrdan biroz uzoqroq bo‘lganmiz. 12 yil davomida sport bilan shug‘ullandim. Farzandlarim xuddiki, o‘z-o‘zidan voyaga yetib qolganday bo‘ladi. Ularning mehriga to‘ya olmay qolganman. Bu sportchi uchun juda katta yo‘qotishdir. Tokioda musobaqalarda ishtirok etayotgan paytda farzandlarim qachon qaytishimni so‘rashdi. “Bir-ikki kunda qaytaman”, deb ularni aldashga majbur bo‘ldim. Aslida biz 16 kunda ortga qaytdik.

H.O.: — 2009 yil 22 yoshda sport bilan shug‘ullanishni boshlagansiz. O‘sha paytga qadar nima bilan shug‘ullangansiz?

H.N.: — Navoiy viloyati texnika kollejining buxgalteriya yo‘nalishida 3 yil o‘qiganman. Lekin sportga bo‘lgan qiziqish kuchlilik qildi va u sohada biror kun ham ishlamadim. Ishga kirmoqchi ham bo‘lganman, lekin murabbiyim bu sohada beriladigan maoshga qaraganda sport orqali ko‘proq pul topish mumkinligini aytganidan keyin sportga qiziqib ketganman (kuladi).

H.O.: — Birinchi murabbiyingiz – Igor Shishkov haqida gapirdingiz. O‘zbekiston para yengil atletika terma jamoasi bosh murabbiyi, yaqin do‘stingiz Sardor Abduxoliqov haqida qanday fikrdasiz, sizning erishgan natijalaringizga bu inson qanday hissa qo‘shgan?

H.N.: — Sardor Abduholiqov juda yaxshi inson. U bilan 2013 yilda tanishganman. O‘sha yili Fransiyaning Lion shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatiga Igor Shishkov bora olmagandi. Murabbiy sifatida Sardor bizga kuch berdi, qo‘llab-quvvatladi. Menga uning xarakteri, bizga berayotgan yordami va motivatsiyasi yoqqan. Bu insonni o‘z do‘stim kabi hurmat qilaman. Vaqt o‘tib, bizning bosh murabbiyimizga aylandi va hozirda nima kerak bo‘lsa, olib kelishga harakat qiladi. Doimo yaxshi sharoitlar yaratib bergan. Murabbiyimizni yengil atletika terma jamoasining barcha vakillari qattiq hurmat qiladi, yaxshi ko‘radi. Chunki, u har bir paralimpiya sportchisi uchun qadrli inson. Intervyularda ham kerak bo‘lsa, sportchilarimiz uchun jon beraman, degan gaplarni aytgan. Qolgan sportchilar bilan suhbatlashsangiz ham, xuddi shunday fikr eshitasiz. Doimo bizga yaxshi bo‘lishi uchun harakat qiladi. Sardor Abduholiqovni murabbiyim va do‘stim sifatida hurmat qilaman. U paralimpiya terma jamoasining natijalari yaxshilanishi va rivojlanishiga juda katta hissa qo‘shgan.

H.O.: — Olimpiada o‘yinlari soyasida Paralimpiada e’tiborsiz qoladigandek ko‘ringandi, lekin musobaqadan so‘ng olimpiyachilar qanday taqdirlangan bo‘lsa, paralimpiyachilar ham xuddi shunday e’tiborda bo‘ldi va taqdirlandi. Ko‘pchilik uchun qiziq, sizga berilgan mukofot pullarini nima maqsadda sarflamoqchisiz?

H.N.: — Rio de-Janeyroga jo‘nab ketishimizdan avval Prezidentimiz menga bayroqni topshirib, Norbekov, nasib bo‘lsa, oltin medal bilan ortga qaytasan, senga ishonaman, deb aytgandi. O‘shanda bizni olimpiyachilardan-da, yaxshiroq darajada taqdirlanishimiz haqida aytgan va bizning ortimizda turishini ta’kidlagandi. Bu bizga juda katta motivatsiya bergan. 2020 yilgi Paralimpiada o‘yinlarida ham g‘alaba qozonib, ortga qaytdik. Mukofot biz o‘ylamagan darajada ko‘proq – mashina, uy va pul mukofotlari berildi. Anchadan beri niyat qilib yurardim, Alloh uchun masjid qurish niyatim bor.

H.O.: — Demak xayrli ishga sarflamoqchisiz... Para sportchilar yaxshi natijalar qayd etmoqda. Paralimpiya o‘yinlari, Jahon chempionati g‘oliblari ancha ko‘paydi. Lekin para sportchilarning mashhurlik darajasi yuqori emas. Buning asosiy sababi nimada va aslida sportchi uchun mashhurlik kerakmi?

H.N.: — Mening shaxsiy fikrim, sportchi uchun mashhurlik kerak emas, deb o‘ylayman. Agar xalq sportchini hurmat qilsa, u o‘z-o‘zidan mashhur bo‘ladi. Agar sport vakili o‘zini katta fe’l tutsa yoki odamlarni pisand qilmasa, bunaqangi mashhurlikning keragi yo‘q. Xalqning o‘ziga qo‘yib berish kerak. Men mashhur bo‘lishni hohlamayman, oddiy inson bo‘lib yurganim yaxshi.

H.O.: — Sportchilar doimiy e’tiborda bo‘lmagani bir tomondan yaxshi, bu ruhiy holatiga ta’sir qilishi mumkin, ya’ni sportchi baribir maydonda o‘z raqiblaridan ustunligini ko‘rsatgani yaxshiroq, demoqchimisiz?

H.N.: — Albatta, xalqqa maqtangandan, ko‘ra, musobaqada o‘z raqiblari ustidan g‘alaba qozongani ma’qulroq.

H.O.: — Bugungi kunda sportchilar oldida qanday muammolar bor? Para sport yo‘nalishida musobaqalardan avval, musobaqalar paytida natijalarga aralashish holatlari uchrab turadimi, siz qanday fikrdasiz?

H.N.: — Bugungi kunga kelib, para yengil atletika sportida hech qanday muammo yo‘q! Bizga barcha sharoit yaratib berilyapti. Avvallari bizga massajchilar va shifokorlar, sportchilar davolanishi uchun poliklinikalar yetishmasdi. Hozir hamma imkoniyat yaratib berildi. Men ko‘p jarohatlar olib, shifoxonaga borganimda hurmatimizni joyiga qo‘yib, davolashadi. Katta ketib aytishim mumkinki, bizda muammolar yo‘q.

H.O.: — Sportchilar oldida hech qanaqa muammo yo‘q, shundaymi?

H.N.: — Albatta, muammo yo‘q. Agar kamchiliklar bo‘lsa, murabbiyimiz Sardor Abduxoliqov yoki Paralimpiya assotsiatsiyasi prezidenti Muxtor Toshxo‘jayevga aytib, joyida yechilmoqda.

H.O.: — Demak, rahbariyat va sportchilar o‘rtasida o‘ziga xos muloqot shakllangan?

H.N.: — Sportchilarimiz xozirgi kunda bemalol o‘ziga kerakli narsalarni aytib, o‘sha narsani talab qilib olishmoqda. Muammolar vaqtida bartaraf etilyapti. Natijalar yaxshilanayotgani muammolar kamayganidan dalolat beradi.

H.O.: — Yengil atletikaning disk va yadro uloqtirish yo‘nalishida kuchdan tashqari ruhiy holat juda ham muhim. Faoliyatingiz davomida ushbu sport turi bilan shug‘ullanishdan afsuslanganmisiz? Aslida natijaga qarab, bunday savol berish noto‘g‘ri. Lekin shunday holatlar sodir bo‘lgan bo‘lishi mumkin...

H.N.: — To‘g‘ri savol berdingiz, bunday holat bo‘lgan. 2015 yilga qadar sportdan voz kechish fikri ham bo‘lgan. O‘zimni omadsizdek his qilganman. Aytganimdek, har bir musobaqada mag‘lubiyatga uchrash, sportchini sindirishi mumkin. Faoliyatimdagi ketma-ket mag‘lubiyatlar natijasida balki, boshqa kasbni tanlaganimda oilamni yaxshiroq ta’minlashim mumkin edi, deb o‘ylaganman. Lekin o‘zimni ruhan tayyorlay olganman. Yaxshiroq yashashim uchun keraksiz narsalarni o‘ylamay, kuniga 3-4 marta mashg‘ulot o‘tkazishimga to‘g‘ri keldi. Sportchi hadeb o‘ylayversa, faoliyati ortga qarab ketishi mumkin. Men kam o‘ylab, ko‘p mashg‘ulot o‘tkazdim. Murabbiyim “Norbekov shu yerdami?” degan gapni ko‘p ishlatardi. Men esa doimo stadionda bo‘lardim. Kerak bo‘lsa, shu yerda uxlardim.

H.O.: — Yuqorida ta’kidlanganidek, o‘zingiz ishtirok etgan barcha musobaqada – Paraosiyo o‘yinlari, Jahon chempionati va Paralimpiadada oltin medalni qo‘lga kiritgansiz. Bir sportchi erishishi mumkin bo‘lgan barcha sovrinni yutgan Husniddin Norbekovning bundan keyingi rejalari qanday?

H.N.: — Rejalarim juda ko‘p. Aksariyat hamkasblarim sportni qachon tashlashim haqida so‘rashadi va menga bu alam qiladi. Chunki hozir 34 yoshda bo‘lishimga qaramasdan tanam baquvvat. Nasib qilsa, yana ikki yoki uchta Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etish niyatim bor. Doimo men sportni endi boshladim-ku, qanday qilib buni tashlashim mumkin, degan gapni ularga ta’kidlab kelaman. Hali-beri sportdan ketish niyatim yo‘q. Men ushbu sportga shu qadar bog‘langanmanki, tanamning 2-3 ta Olimpiadaga kuchi yetadi. Bizning sport yosh tanlamaydi va jismoniy tarafdan hammasi ko‘ngildagidek bo‘lsa, yana Paralimpiada chempioni bo‘lishga harakat qilaman.

Hali maqsadlarim ko‘p. Prezidentimiz uch karra Olimpiada chempioni bo‘lishing kerak, deb ta’kidladilar. Buning o‘zi – menga katta motivatsiya. Shu so‘zlar uchun ham yana oltin medalni qo‘lga kiritishga harakat qilaman va jahon rekordini o‘rnatishni maqsad qilib oldim.

Afsuski, Tokioga qadar jarohatdan tiklanishga ulgurolmay qoldim. Lekin Yaratgan tomonidan omad berildi. O‘zim kamida uchinchi o‘rinni maqsad qilib borgandim. Chunki, jarohatim jiddiy edi. Bizda oyoq sohasi juda ham muhim. Bahslar davomida yadroni otib bo‘lganimdan keyin juda kuchli og‘riq bo‘ldi. Biroq, sportchi shohsupada turib, mamlakatining madhiyasi yangraganida butun azoblarni unutadi.

Oltin medallarni qo‘lga kiritdik, shukrki, O‘zbekistonning obro‘si ko‘tarildi. Xalqimiz, oilamiz juda xursand bo‘ldi. Buyog‘iga yangi musobaqalarga tayyorgarlikni boshlashimiz kerak. O‘tgan besh yillik mehnatimizni unutib, navbatdagi to‘rt yillikning eng nufuzli turniri uchun harakat qilamiz.

H.O.: — Demak, erishilgan natijalar ortda qoldi va yangi natijalar uchun harakat boshlanadi.

H.N.: — Men bir gapni niyat qilib kelgan edim. Butun paralimpiya terma jamoasi nomidan murojaat qilmoqchiman.

Bizda paralimpiya sportchilari juda ko‘p. O‘zbekistonda imkoniyati cheklanganlar katta sonni tashkil qiladi. Imkoniyati cheklangan insonlarga aytmoqchimanki, agar vaqt topsangiz, imkoniyatingiz bo‘lsa, Paralimpiya assotsiatsiyasiga keling. Biz imkoniyatingizga qarab toifalarga ajratamiz. Bahslarda imkoniyatingiz sinaladi va qo‘limizdan kelgancha o‘zimizning sportni sizga o‘rgatishga harakat qilamiz. Balandlik va uzoqlikka sakrash, nayza, disk va yadro uloqtirish bo‘yicha qo‘limizdan kelgan barcha yordamni beramiz. Shaxsan o‘zimning o‘n ikki yillik tajribamni o‘rgatishga tayyorman. Prezident Shavkat Mirziyoyev paralimpiyachilarni qo‘llab-quvvatlayapti. Bu inson para sportni yanada rivojlantiradi. Ikkita Olimpiada davomida 8 ta oltin medal o‘z-o‘zidan kelib qolgani yo‘q, O‘zbekistonda sportga ko‘rsatilayotgan e’tibor va qiziqish juda yuksak darajada.

Imkoniyati cheklangan, hayotga qiziqishi so‘ngan, kundan kunga sog‘ligi yomonlashib borayotgan insonlarning ota-onalari bizga qo‘ng‘iroq qiladi. Men bularni eshitib, siqilaman. Agar ularni bizning yonimizga olib kelishsa, yordam beramiz. Sabr qilib, mashg‘ulotlardan to‘xtamasalar, paralimpiya chempioni bo‘lib yetishadi.

Avvallari hayotimni hozirgidek tasavvur qila olmasdim. Maktabda o‘qib yurgan davrlarimni eslayman, ko‘p narsadan orqada edim. Do‘stlarimiz futbol o‘ynaganida meni qo‘shmagan yoki davra o‘yinlarida ko‘pincha orqada qolganman. Hozirgi kunga kelib, ularning hammasi menga havas qilmoqda. Farzandlariga ushbu sportni o‘rgatishimni, ularni tarbiyalashimni so‘rashadi. Bu men uchun juda katta yutuq. Bu gapim bilan do‘stlarimni yomon ko‘rsatmoqchi emasman.

Hammalarini yaxshi ko‘raman. Men shunchaki boshqa narsalarga e’tibor bermadim. Tirikligimizning o‘zi Alloh tomonidan berilgan katta mo‘jiza, deb o‘ylayman. Nafas olishimiz – eng katta baxt.


Maqola muallifi

Teglar

QALAMPIR.UZ Tokio-2020 Humoyun Oripov Husniddin Norbekov Paralimpiada Paralimpiya qo'mitasi

Baholaganlar

20

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing