Prezident Ko‘ksaroyda Paralimpiada ishtirokchilari bilan uchrashdi
Sport
−
13 Sentabr
3663Bugun, 13 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ko‘ksaroy qarorgohida Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘z sahifasida ma’lum qildi.
“Siz, aziz sportchilar, Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tgan 17-yozgi Paralimpiya o‘yinlarida rekord natijalarga erishib, mamlakatimizga mana shunday bayram ruhini olib keldingiz. Barchangizni olamshumul yutuq va natijalaringiz bilan o‘z nomimdan, el-yurtimiz nomidan chin yurakdan samimiy tabriklayman”, deydi Prezident.
Ushbu xalqaro sport anjumanida dunyoning 168 ta davlatidan 4 ming 400 ga yaqin eng kuchli va mahoratli sportchilar ishtirok etgani uning nufuzi va miqyosi naqadar ulkan ekanidan dalolat beradi.
“Shu ma’noda, Paralimpiya o‘yinlari – bu chinakam iroda, jasorat va matonat, ezgulik va gumanizm namoyishi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Siz, azmu shijoatli farzandlarimiz g‘oyat keskin bellashuvlarda yuksak marralarni egallab, musobaqalarning haqiqiy qahramonlariga aylandingiz”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston jamoasi 10 ta oltin, 9 ta kumush, 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 13-o‘rinni, Osiyo qit’asida 3-o‘rinni, turkiy va islom mamlakatlari hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi bo‘yicha 1-o‘rinni egallagani ta’kidlandi.
Paralimpiya o‘yinlarida bunday rekord natija ilgari hech qachon bo‘lmagani qayd etildi.
“Bu – sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, iste’dod va mahoratingiz samarasidir. Bu – yurtimizda inson qadrini amalda ta’minlashga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasidir. O‘z Vatanini jonu dili bilan sevadigan, metin irodali, yuragida o‘ti bor insonlargina shunday ulug‘ ishlarga qodir bo‘ladi. Xalqimiz sizlar bilan cheksiz faxrlanadi. Katta rahmat sizlarga!”, deydi davlat rahbari.
Davlat rahbari bu gal ozgina omad yetishmagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston sharafini bor kuch-g‘ayrati bilan himoya qilgan, qizg‘in bellashuvlarda katta tajriba orttirgan sportchilarni ham samimiy tabriklab, kelgusi musobaqalarda ularning barchasiga zafar yor bo‘lishini tiladi.
LiveBarchasi