Putinning Kuril orollariga safari Yaponiya ijtimoiy tarmoqlarini “portlatdi”
Olam
−
15:29 3523 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning Kurilning Iturup oroliga tashrifi haqidagi yangilik bir necha daqiqa ichida X ijtimoiy tarmog‘ining Yaponiya segmentida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Xususan, dastlabki yarim soat ichida ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ushbu mavzu bo‘yicha 2 mingdan ortiq xabar va izohlar qoldirib, uni muhokama markaziga olib chiqdi.
Foydalanuvchilar Tokiodan qat’iy javob qaytarishni talab qilib, hokimiyatni ojizlikda ayblagan va orolni qaytarish haqida yana gapira boshlagan.
Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi, o‘z navbatida, X tarmog‘ida post e’lon qilib, “shimoliy hududlar, jumladan, Etorofu uyezdi ham tarixiy jihatdan, ham xalqaro huquq nuqtai nazaridan Yaponiya hududi hisoblanishini” qayd etgan va Moskvaga “qat’iy norozilik” bildirgan.
Yaponiyaning eng yirik axborot agentligi “Kyodo” Putinning Iturupga ilk tashrifi haqidagi yangilikni “shoshilinch” belgisi bilan tarqatgan. Bundan tashqari, Rossiya Prezidentining safari haqidagi xabar Yaponiya NHK jamoat televideniyesi saytida eng ko‘p o‘qilgan maqolaga aylangan va yetakchi yapon gazetalarining asosiy materiallari qatoridan joy olgan.
Ma’lumot uchun, Kuril orollari – Tinch okeani va Oxota dengizi oralig‘ida, Kamchatka yarim orolidan Yaponiyaning Xokkaydo oroligacha cho‘zilgan vulqonli orollar zanjiridir. Bu hudud strategik joylashuvi, boy tabiiy resurslari va Rossiya hamda Yaponiya o‘rtasidagi uzoq yillik hududiy nizolar bilan mashhur.
Ikkinchi jahon urushi yakunida (1945 yil) Sovet Ittifoqi butun Kuril arxipelagini o‘z nazoratiga olgan. Biroq Yaponiya arxipelagning janubiy qismidagi to‘rtta orolni (Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai) o‘z hududi deb hisoblaydi va ularni “Shimoliy hududlar” deb ataydi. Tokio ushbu janubiy orollar 1855 yilgi Simoda shartnomasiga ko‘ra Yaponiyaga tegishli bo‘lganini va ular noqonuniy bosib olinganini da’vo qiladi. Moskva esa ushbu orollar ustidan suverenitet Ikkinchi jahon urushi natijalariga ko‘ra qonuniy ravishda SSSRga o‘tganini va bu bahssiz ekanini ta’kidlaydi. Mana shu hududiy bahs sababli Rossiya va Yaponiya o‘rtasida Ikkinchi jahon urushini rasman yakunlovchi Tinchlik shartnomasi hanuzgacha imzolanmagan. Hozirda orollar to‘liq Rossiya Federatsiyasining Saxalin viloyati tarkibiga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Putinning Saxalin viloyati gubernatori bilan uchrashuvi Kurilning Iturup orolida bo‘lib o‘tdi. 13 avgust kuni Putin ushbu orolga ilk bor tashrif buyurib, o‘z ishchi dasturini “Yasniy” baliqni qayta ishlash korxonasiga tashrifdan boshladi. U yerda davlat rahbari zavod faoliyati bilan tanishdi, mahalliy ikradan tatib ko‘rdi va xodimlar bilan muloqot qilib, yakunda esdalik uchun suratga tushdi.
Live
Barchasi