Putinning qo‘riqchilari maxsus dronlar bilan qurollantirildi – OAV

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning shaxsiy qo‘riqchilari tutib oluvchi dronlar bilan qurollana boshladi. Bu haqda ukrainalik harbiy tahlilchi Sergey Beskrestnov ma’lum qildi.

Beskrestnov tomonidan e’lon qilingan videoda Rossiya Prezidentining qo‘riqchilaridan biri qo‘lida dronga o‘xshash qurilmani tutib turgani, ustini esa sumka bilan to‘sib qo‘ygani ko‘rinadi. Orqa fonda Putin tantanali harbiy kiyimdagi harbiylarga qo‘l berib ko‘rishmoqda, yonida esa Rossiya Mudofaa vaziri Andrey Belousov turibdi.

“Agentstvo”ning aniqlashicha, bu kadrlar joriy yilning 9 may kuni Moskvada bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradidan so‘ng suratga olingan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Prezident qo‘riqchisining qo‘lida “Yolki” deb ataluvchi tutib oluvchi dron bo‘lgan.

“Uni “cho‘ntakdagi dronga qarshi mudofaa vositasi” deb ham atashadi. “Yolki”ni uchirish uchun qayta ishlatiladigan qo‘l katapultasidan foydalaniladi. Ushbu dron yuqori tezlikda nishonga borib uriladi va dushman dronini yo‘ldan chiqaradi”, deyiladi xabarda.

“Rossiyskaya gazeta”ning yozishicha, “Yolki” og‘ir dronlar (masalan, “Baba-Yaga” turi), FPV-dronlar, razvedka dronlari, samolyot tipidagi uchuvchisiz uchoqlarni urib tushira oladi.

Qayd etish joiz, joriy yilda Moskvadagi G‘alaba paradida mobil internet faoliyati cheklangan va birinchi marta asosiy tribunal ustiga Prezidentni dronlardan himoya qilish uchun maxsus soyabon o‘rnatilgandi. Shuningdek, 9 may arafasida Ukraina Rossiya markazi va Moskva hududlariga dron hujumlarini kuchaytirgan edi. “Verstka” nashrining xabariga ko‘ra, poytaxtdagi uy-joy kommunal xo‘jaligi xodimlariga durbinlar tarqatilib, ular “safarbarlik” jadvaliga o‘tkazilgan. Ular osmonda uchuvchi dronlarni kuzatish uchun jalb qilingan. Shu bilan birga, politsiyaning dronlarga qarshi maxsus bo‘linmalari binolar tomiga kuzatuv uchun joylashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin maxsus dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing