Putinga yaqin yana bir oligarxning yaxtasi hibsga olindi
Olam
−
15 mart 2022
8806Ispaniya hukumati rossiyalik oligarxning Barselona portida joylashgan 140 million dollarlik yaxtasini hibsga oldi. Hashamatli kema “Rostex” rahbari, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin hisoblangan Sergey Chemezovga tegishli. Bu haqda “Reuters” xabar bermoqda.
“Bugun biz asosiy oligarxlardan biriga tegishli yaxtani qo‘lga oldik. Gap bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, narxi 140 million dollarni tashkil etuvchi yaxta haqida ketmoqda”, degan Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches.
U yana boshqa kemalarni ham hibsga olish rejalashtirilayotganini qo‘shimcha qilgan, biroq tafsilotlarni keltirmagan.
“Marine Traffic” monitoring veb-saytiga ko‘ra, qo‘lga olingan yaxta joriy yilning 9 fevralidan beri ta’mirlash uchun Barselonada bo‘lgan. Ma’lum qilinishicha, 85 metrli “Valeriya” yaxtasi “Rostex” davlat korporatsiyasini boshqargan sobiq SSSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi ofitseri Sergey Chemezovga tegishli.
Kema Sent-Vinsent va Grenadin bayrog‘i ostida suzib yuradi. Qayd etilishicha, kema Britaniya Virjiniya orollari kompaniyasi orqali Chemezovning o‘gay qizi Anastasiya Ignatova nomiga ro‘yxatdan o‘tgan.
Ispaniya hukumatidagi manbaning ma’lum qilishicha, yaxta ispan hukumati uning egaligini va sanksiyalar ro‘yxatida bor-yo‘qligini tasdiqlamaguncha hibsda qoladi.
Ta’kidlanishicha, Chemezov Rossiya sanksiyalarga qaramay, Ukrainaga qarshi urushda “g‘olib” sifatida chiqishini aytgan.
Chemezovga qarshi sanksiyalar
Chemezov 2014 yilda AQSH va 2020 yilda Buyuk Britaniya tomonidan Rossiyaning Qrimni anneksiya qilgani uchun sanksiyaga uchragan, shu oyda esa AQSH va Avstraliya uni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan. AQSH sanksiyalari Chemezovning o‘gay qizi, shuningdek, uning xotini va o‘g‘liga qarshi qaratilgan.
Oligarx Yevropaning so‘nggi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmagan, ammo YeI 2014 yilda unga qarshi choralar ko‘rgan.
Avvalroq, Italiya Moliya gvardiyasi sanksiyalar ostida qolgan rossiyalik milliarder Andrey Melnichenkoga tegishli yaxtani hibsga olgani haqida xabar bergandik.
Bundan avval, Italiya huquq-tartibot idoralari Aleksey Mordashov va Gennadiy Timchenkoning yaxtalarini musodara qilgani haqida xabar bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Mordashovga tegishli “Lady M” yaxtasi Imperiya portida, Timchenkoga tegishli “Lena” yaxtasi esa San-Remoda qo‘lga olingan. Ikkala tadbirkor ham Rossiyaning Ukrainaga hujumi munosabati bilan qabul qilingan Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.
Bungacha Germaniya rasmiylari Yevropa Ittifoqi sanksiyalari ostida qolgan rossiyalik milliarder Alisher Usmonovdan 156 metrlik yaxtani musodara qilgani haqida aytilgandi. Ammo ma’lumot keyinroq inkor etildi.