Putin Zelenskiyga Moskvada 100 foizlik xavfsizlik kafolatini va’da qildi (video)

Olam

image

Agar Moskva shahrida uchrashuv bo‘ladigan bo‘lsa, Rossiya Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga xavfsizlikni 100 foiz kafolatlaydi. Bu haqda bugun, 5 sentyabr kuni Rossiya rahbari Vladimir Putin Sharqiy iqtisodiy forumda so‘z ochdi.

“Ukraina tomoni bu uchrashuvni istayapti va uni taklif qilmoqda. Marhamat, kelaveringlar, biz ish olib borish uchun sharoitni ham, xavfsizlikni ham mutlaqo ta’minlaymiz. Kafolat 100 foizlik”, deydi u.

Putin, shuningdek, Zelenskiy bilan boshqa joylarda uchrashuv o‘tkazish haqidagi takliflarni “ortiqcha” deb hisoblashini aytgan.

“Agar kimdir biz bilan rostdan ham uchrashishni istasa, biz tayyormiz. Buning uchun eng yaxshi joy Rossiya Federatsiyasi poytaxti, qahramon shahar Moskva”, deydi Rossiya Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Ukraina rahbarlari uchrashuviga tayyorgarlik haqida AQSH Prezidenti Donald Tramp Putin bilan Alyaskadagi uchrashuvi va Zelenskiy hamda Yevropa rahbarlari bilan Oq uydagi sammitidan so‘ng e’lon qilgan edi. Zelenskiy muzokaralarni Yevropaning neytral hududida, masalan, Shveysariya yoki Avstriyada, yoki Turkiyada o‘tkazishni taklif qilgan.

Putin esa uchrashuvni Moskvada o‘tkazish taklifini ilgari surgan, biroq Zelenskiy buni rad etgan. Joriy yilning 3 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti o‘z taklifini ochiq e’lon qildi.

“Donald mendan, agar imkon bo‘lsa, shunday uchrashuvni o‘tkazishni so‘radi. Agar Zelenskiy Moskvaga kelishga tayyor bo‘lsa, bunday uchrashuv bo‘ladi”, degan edi u. Shu bilan birga, Rossiya rahbari bunday uchrashuvda ma’no borligiga shubha bildirgan.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga esa Putinning Zelenskiyni muzokara o‘tkazish uchun Moskvaga chorlovi qabul qilib bo‘lmaydigan taklif ekanini aytdi. Sibiganing so‘zlariga ko‘ra, kamida yetti davlat Ukraina va Rossiya Prezidentlarining uchrashuviga mezbonlik qilishga tayyor. Ularga Avstriya, Vatikan, Shveysariya, Turkiya va Fors ko‘rfazidagi uch davlat kiradi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Vladimir Zelenskiy xavfsizlik kafolati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing