Putin va Abbos Falastindagi vaziyatni muhokama qildi
Olam
−
19 aprel 2022
16070Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot qildi. Muloqot Falastin tomoni tashabbusi bilan o‘tkazildi. Bu haqda Kreml Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, Iordan daryosining g‘arbiy sohilida va Sharqiy Quddusda keskinlikning kuchayishi sharoitida Yaqin Sharqni tartibga solish masalalari muhokama qilingan.
“Bu keng ko‘lamli Falastin-Isroil qarama-qarshiligiga aylanmasligiga umid bildirildi. Falastin va Isroil o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni, xususan, xalqaro vositachilar “to‘rtligi” homiyligida qayta boshlash muhimligi ta’kidlandi”, deyiladi rasmiy relizda.
Matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, Putin Ukrainadagi “maxsus harbiy operatsiya”ning borishi hamda Rossiya va Ukraina vakillari o‘rtasidagi muzokaralar haqida ma’lumot bergan.
“Ikki tomonlama hamkorlikning, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy sohadagi dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Do‘stona Rossiya-Falastin munosabatlarini yanada rivojlantirishga o‘zaro moyillik tasdiqlandi”, deyiladi xabarnomada.
Rossiya Prezidenti Mahmud Abbos va butun Falastin xalqini musulmonlarning muqaddas Ramazon oyi bilan tabrikladi.
Suhbat yakunida aloqalarni davom ettirishga kelishib olingan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 aprel kuni Quddusdagi Al-Aqso masjidida falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Bunga Isroil politsiyasining muqaddas ziyoratgoh hududiga bostirib kirishi sabab bo‘ldi.
Hozirgacha Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Yaman, Iroq, Liviya, Iordaniya va Turkiya Isroil kuchlarining Al-Aqsoga kiritganini qoralab chiqdi.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbos bilan telefon orqali muloqot qilib, Al-Aqso atrofidagi hodisalarga qarshilik ko‘rsatishini bildirdi.
18 aprel kuni esa yahudiy aqidaparastlar Isroil politsiyasi hamrohligida yana musulmonlarning muqaddas ziyoratgohi hududiga kirdi. Falastinliklarning qarshilik ko‘rsatishi ortidan politsiya ularni kaltaklab, hibsga oldi.
Ma’lumot uchun, Quddusdagi “Al-Aqso” masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi.
Mutaassib yahudiylar ziyoratgoh shoh Sulaymon maqbarasi vayronalari o‘rnida barpo etilgan deb, masjid hududiga tez-tez bostirib kiradi.
Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yilda tuzilgan kelishuvga binoan “Al-Aqso” masjidi Quddus Islom jamg‘armalari boshqarmasi tomonidan boshqariladi.
Biroq, 2003 yildan beri yahudiylar ma’muriyat ruxsatini e’tiborga olmay, Isroilning bir tomonlama qarori bilan politsiya hamrohligida ziyoratga bostirib kirishni boshladi. Islom jamg‘armalari boshqarmasi bunday harakatlar musulmonlar suverenitetining buzilishi ekanini ta’kidlaydi.
LiveBarchasi