Putin uzoqroq yashamoqchi. Unga “abadiy hayot eliksiri” paydo bo‘lishi aytildi

Olam

image

Rossiyalik tadbirkor German Gref Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga 6-7 yil ichida “abadiy hayot eliksiri” paydo bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u kecha, 19 noyabr kuni “Sun’iy intellekt olamiga sayohat” konferensiyasida Putin bilan muloqot davomida so‘z ochgan.

“Odamlar 6-7 yil ichida, ya’ni taxminan 2032 yilda abadiy yashash imkonini qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkin”, deydi Gref.

Bankir buni amerikalik futurist Reymond Kursveylning shartli “abadiylik eliksiri” haqidagi qarashi sifatida qayta gapirib bergan.

Grefning aytishicha, 6-7 yil ichida – “taxminan 2032 yilda” o‘sha paytgacha hayotda qolgan odamlar nafaqat 100 yil va undan ko‘proq yashash imkoniga, balki “abadiylikka” erishish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“Uning (Kursveylning) so‘nggi prognoziga ko‘ra, bu 2030-2035 yillar oralig‘ida sodir bo‘ladi”, deydi Sberbank rahbari. 

Futuristning o‘zi bungacha sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida radikal umr uzayishi sodir bo‘lishi mumkinligini aytgan. Rossiya Prezidenti Gref ko‘targan mavzuni qo‘llab, Rossiyada o‘rtacha umr ko‘rishni 150 yoshga yetkazish mumkinligini bildirgan.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning sentyabr oyida Pekindagi harbiy parad vaqtida Putin Xitoy rahbari Si Szinpin bilan o‘zi uzoq vaqtdan beri qiziqib kelayotgan organizmni yoshartirish mavzusida, zamonaviy texnologiyalar va organ ko‘chirib o‘tkazish orqali potensial abadiylik masalasini muhokama qilgan. O‘shanda Xitoy rahbari “ilgari odamlar 70 yoshga zo‘rg‘a yetardi, hozir esa bu yoshdagi inson hamon “bola”, degan. Putin esa biotexnologiyalar va organ transplantatsiyasi kelajakda odamni abadiylikka yaqinlashtirishi mumkinligini aytgan. Si esa “150 yoshgacha yashash imkoniyati  asrning o‘zida paydo bo‘lishi mumkin”ligini ta’kidlagan. 

Rossiya Prezidenti Xitoydan qaytgach, “Sirius” laboratoriya majmuasiga tashrif buyurgan va u yerda unga “yoshartiruvchi qulupnay” namoyish etilgan. Keyinroq u matbuot bilan suhbatda texnologiyalar taraqqiyoti tufayli kelajakda odamlar 150 yoshgacha yashay olishiga ishonch bildirgan.

“Zamonaviy sog‘lomlashtirish vositalari, tibbiyot, jumladan organlarni almashtirish bo‘yicha jarrohlik amaliyotlari faol hayotni bugungidan ancha uzoq davom ettirishga umid beradi”, degan o‘shanda u.

“The Times”ning yozishicha, o‘tgan yil sentyabr oyida Rossiyaning yuqori lavozimli amaldorlaridan biri olimlarga qarish bilan kurashish bo‘yicha tadqiqotlarni tezlashtirish topshirig‘ini bergan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi institutlardan hujayralarning qarishiga qarshi kurash, kognitiv buzilishlar, osteoporoz va immunitetni mustahkamlash usullari ustidagi ishlar haqida hisobot talab qilgan.

Bu ishni Putinning yaqin do‘sti, 77 yoshli Kurchatov instituti rahbari Mixail Kovalchuk nazorat qiladi. U parallel ravishda genetika sohasidagi davlat tadqiqot dasturiga ham rahbarlik qiladi. Dasturda Rossiya Prezidentining katta qizi Mariya Voronsova ham ishtirok etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin abadiy hayot eliksiri

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing