Putin O‘zbekistonga yangi elchisini tayinladi
Olam
−
05 Sentabr 5307 1 daqiqa
Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi etib Aleksey Yerxov tayinlandi. Bu haqdagi farmon bugun, 5 sentyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolandi.
Tegishli farmon rasmiy-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan saytda chop etilgan.
“Yerxov Aleksey Vladimirovich Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlansin”, deyiladi farmonda.
Ma’lumot uchun, Aleksey Yerxov 1960 yil 28 oktyabrda Moskvada tug‘ilgan. U 1983 yilda Moskva xalqaro munosabatlar institutini tamomlagan va shu yildan boshlab diplomatik xizmatni boshlagan. Yerxov 1983–2000 yillarda Marokash, Misr va Isroildagi Rossiya elchixonalarida faoliyat yuritgan. 2000–2003 yillarda Rossiya Prezident ma’muriyatida Tashqi siyosat tadbirlarini tayyorlash bo‘limi boshlig‘i va o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. Keyinchalik, u 2003–2006 yillarda Suriya elchixonasida maslahatchi, 2006–2009 yillarda Tashqi ishlar vazirligi kotibiyati departamenti direktori o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan. 2009–2015 yillarda Istanbulda Rossiya Bosh konsuli sifatida faoliyat ko‘rsatgan. 2015–2017 yillarda Rossiya TIV huzuridagi Situatsion-krizis markaziga rahbarlik qilgan, 2017 yildan 2025 yilgacha Rossiyaning Turkiyadagi elchisi bo‘lib ishlagan va bu davrda “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyi o‘rtalarida Rossiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg Malginov o‘z faoliyatini yakunlagandi.
Live
Barchasi