Putin urushni tanladi, dunyo Rossiyani javobgarlikka tortadi – Bayden
Olam
−
24 fevral 2022
12910AQSH Prezidenti Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Rossiyaning Donbassdagi harbiy amaliyotiga “bir ovozdan va qat’iy javob berishlarini” va’da qildi. Bu haqda Amerika yetakchisining Oq uy saytida e’lon qilingan bayonotida aytiladi.
“Bugun butun dunyoning duosi Rossiya qurolli kuchlarining asossiz va oqlanmaydigan hujumidan aziyat chekayotgan Ukraina xalqi bilandir. Prezident Putin fojiali qurbonlar va azob-uqubatlarga olib keladigan urushni tanladi. Bu hujum olib keladigan o‘lim va halokat uchun faqat Rossiya javobgar va AQSH va uning ittifoqchilari va hamkorlari birlashgan va qat’iy javob beradi. Dunyo Rossiyani javobgarlikka tortadi”, deyiladi Baydenning bayonotida.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
LiveBarchasi