Putin urushni 2027 yilgacha davom ettira oladi – NATO

Olam

image

Rossiya Ukrainadagi hozirgi darajadagi harbiy harakatlarni kamida 2027 yilgacha davom ettira oladi. Bu haqda razvedka ma’lumotlariga tayanib, Gaagada o‘tayotgan NATO sammitida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Rossiya iqtisodiyoti ichki qiyinchiliklarga qaramay, urushni yana bir necha yil davomida moliyalashtira oladi. Biroq NATO, shuningdek, Rossiyaning mudofaa-sanoat kompleksi allaqachon o‘z imkoniyatining eng yuqori darajasida ishlayotgani va qurol ishlab chiqarish hajmini bundan ortiq oshirib bo‘lmasligini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, NATOdagi yuqori martabali amaldorlardan biri BBC bilan suhbatda G‘arb diplomatik sa’y-harakatlari hali Ukrainadagi mojaro tugashiga yaqinlashishga olib kelmaganini eslatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putin faqat qisqa muddatli kelishuvlarga qiziqmoqda – bu kelishuvlar Moskvaga tanaffus olish va egallab olingan hududlar ustidan nazoratni saqlab qolish imkonini beradi. NATOga ko‘ra, Putin urushda g‘alaba qozonayotganiga ishonadi. Alyans esa bu ishonchni Kremlga Rossiya razvedka xizmatlari tomonidan taqdim etilayotgan noto‘g‘ri manzara natijasi, deb hisoblaydi.

BBC manbasiga ko‘ra, Ukraina armiyasida kadrlar tanqisligi mavjud.

“Bu qanchalik jiddiy ekani Ukrainaning bu borada nima qilishiga bog‘liq. U aniq choralarni ko‘rishi kerak”, degan alyans vakili.

Bungacha AQSHdagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) tahlilchisi Jorj Barros Rossiya urushni hozirgi ko‘rinishida yana 12 dan 16 oygacha davom ettira olishini bildirgan. Uning fikricha, shundan so‘ng Kremlda ham byudjet mablag‘lari, ham inson resursi, jumladan, hozirda katta to‘lovlar bilan urushga jalb qilinayotgan “ko‘ngillilar” tugashi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya NATO davlatlariga qarshi urushga ikki yildan besh yilgacha muddatda tayyor bo‘lishi va bu urush jahon iqtisodiyotiga 1,5 trln dollarga tushishi mumkinligi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing