Putin Trampning odamini uzoq kuttirgan – OAV
Olam
−
15 mart
7610AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff 13 mart kuni Rossiya yetakchisi Vladimir Putinning belaruslik Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralari yakunlanishini sakkiz soat kutdi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Uitkoff Rossiya rahbarini sakkiz soat davomida kutishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng, maxsus vakil Putin bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan.
“Oxir-oqibat u (Vladimir Putin) Uitkoffga qorong‘i tushganda va hamma narsa yopiq eshiklar ortida o‘tib ketganida shaxsiy vaqtini ajratdi”, deyiladi xabarda.
“Sky News” Uitkoffning Putin bilan uchrashishni buncha ko‘p kutishga majbur bo‘lganini Rossiya tomonidan “klassik kuch o‘yini” deb atagan.
Putinning kuttirish taktikasi
Putin muntazam ravishda jahon rahbarlarini uni kutishga majbur qilgan, bu sobiq KGB xodimining psixologik taktikasi sifatida talqin qilinadi. Putin Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel va Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovich (taxminan to‘rt soat kuttirgan) bilan bog‘liq keyslar buni tasdiqlaydi.
Yaponiya, Mo‘g‘uliston va Isroil rahbarlari esa Putinni uch soatgacha kutishga majbur bo‘lishgan. 2003 yilda Putin Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ni deyarli 15 daqiqa kuttirib qo‘ygan, bu hurmatli monarx uchun kamdan kam uchraydigan hurmatsizlik edi.
2012 yilda AQSHning o‘sha paytdagi prezidenti Barak Obama Putinning kechikishi tufayli uchrashuvdan keyingi rejalarini 40 daqiqaga kechiktirishga majbur bo‘lgan.
Tahlilchilarning fikricha, Putin bu harakati bilan hamkorlarini dovdiratib qo‘yishni va muzokaralarda ustunlikka erishishni maqsad qiladi. Bu usul asosan Moskvaning nazaridan qolgan rahbarlarga nisbatan qo‘llangan.