Putin Tojikiston Prezidentining e’tiroziga qanday javob qildi?
Bu qiziq
−
15 Oktabr 2022
53201Rossiya Prezidenti Vladimir Putin SSSRning milliy siyosatini sharhlab, ular sovet davrida ittifoq respublikalari xalqlarining madaniyati va iqtisodiyotini rivojlantirish bilan shug‘ullanganligini ta’kidladi.
U bu masalani kecha, 14 oktyabr kuni “Rossiya-Markaziy Osiyo” sammitida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonovning nutqidan so‘ng ko‘tardi. Tojikiston Prezidentining fikricha, Markaziy Osiyo mamlakatlariga, jumladan, iqtisodiy hamkorlik sohasida yetarlicha e’tibor va hurmat ko‘rsatilmayapti.
“Men Imomali Sharipovich aytgan gaplardan boshlamoqchi edim. Ha, haqiqatan ham, menimcha, u katta darajada haq. Albatta, Sovet Ittifoqida milliy tillarda kitoblar nashr etilib, teatrlar ochildi, madaniyat va iqtisodiyot rivojlandi. Ammo bugun, albatta, biz barcha formatlarimizni, shu jumladan, [yangi sammitning] formatini aniq mazmun bilan to‘ldirishimiz kerak”, deydi Putin Rossiya va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik haqida gapirarkan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu uchrashuvdan maqsad shunchaki gaplashish emas, balki mintaqaviy loyihalar va ehtiyojlarni ko‘rib chiqish, ularni mavjud imkoniyatlar bilan uyg‘unlashtirish va nafaqat ikki tomonlama, balki mintaqaviy miqyosda ham ilgari surishdir. Shunda, Putin ishonchi komilki, ko‘p masalalarni katta samara bilan hal qilish mumkin.
Tojikiston rahbari sammitda so‘zga chiqib, Sovet Ittifoqi parchalanishining asosiy sabablari haqida gapirgan edi.
“O‘sha paytda ham, hozirgidek, kichik respublikalar, mayda xalqlarga e’tibor yo‘q edi. An’analar, urf-odatlar va boshqa hamma narsa e’tiborga olinmasdi”, deb ta’kidladi Tojikiston Prezidenti.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakatlar xalqlari u qadar ko‘p aholiga ega bo‘lmasa-da, ularning tarixi va madaniyati bor.
“Biz hech qachon bosh strategik hamkorimiz manfaatlarini buzmaganmiz, doimo hurmat qilib kelganmiz va hurmat qilamiz. Lekin bizni ham hurmat qilishlarini istaymiz”, dedyi Rahmonov.
U hozir Markaziy Osiyoga nisbatan sobiq Sovet Ittifoqidagidek siyosat yuritilmasligi kerak degan fikrda.
“Har bir davlatning o‘z muammolari, har bir davlatning o‘ziga xos an’ana va urf-odatlari bor. Biz oltin o‘rtalikni topishimiz, har bir respublika bilan alohida ishlashimiz kerak”, dedi Tojikiston Prezidenti.
O‘z navbatida, Qozog‘iston rahbari Qosim-Jomart To‘qayev Sovet Ittifoqida ittifoq respublikalari, avtonom respublikalar, milliy hududlarni rivojlantirishga katta e’tibor berilganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu, ayniqsa, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida yaqqol namoyon bo‘lgan.
“Deyarli barchamiz Sovet davrida, jumladan, Moskva, Leningrad va Rossiyaning boshqa shaharlariga sayohatlar bilan ta’lim olganmiz. Ittifoq respublikalarida ta’lim darajasi juda yuqori edi”, deydi To‘qayev.
LiveBarchasi