Putin tez orada o‘ladi – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy jurnalistlarning Rossiya rahbari oldidagi ustunliklari haqida savoliga javob berar ekan, uning tez orada o‘lishini ta’kidladi. Bu haqda “Strana” xabar berdi.

“Putin tez orada o‘ladi, bu haqiqat. Va uning tinch va omadsiz tarixiy hayoti nihoyasiga yetadi”, dedi Ukraina Prezidenti jamoat telekanallariga bergan intervyusida.

Rossiya Prezidenti oldidagi ustunliklari haqida so‘z yuritarkan, Zelenskiy o‘z yoshini ustunlik sifatida keltirgan.

“Men Putin bilan solishtirganda yoshman, menga pul tikaveringlar. Mening istiqbolim yaxshiroq”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.

Nashrning yozishicha, bundan avval ham Zelenskiy G‘arb OAVga bergan intervyusida “Putinning tez orada o‘lishi” haqida gapirgan.

“Men hayotni va erkinlikni yaxshi ko‘raman. Shu sabab men erkinlik uchun kurashmoqdaman. Menda vaqt bor, lekin unda (Putinda) yo‘q. U albatta tez orada o‘ladi. Lekin men hali yashashni, yurishni xohlayman. Siyosatdan keyin dunyoni kezish qiziq bo‘ladi. U esa bunday imkoniyatga ega emas”, degan o‘shanda Ukraina Prezidenti.

Shunga o‘xshash bayonot Zelenskiy tomonidan Netflix’ning “Mening keyingi mehmonim tanishtirishga muhtoj emas” dasturidagi maxsus sonda ham aytilgan.

O‘shanda Zelenskiy agar Vladimir Putin o‘lsa, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi ham tugashini, chunki Rossiya institutlari faoliyati to‘xtashini va siyosatchilar ichki muammolar bilan band bo‘lib qolishini aytgan. Shuningdek, u Rossiya Prezidenti o‘limdan qo‘rqishini, shu bois Ukrainada yadro qurolidan foydalanmasligini ham ta’kidlagan.

“Men uning yashash istagini ko‘rganman, u hayotni juda yaxshi ko‘radi. U hatto uzun stol ortida o‘tiradi, COVID yoki boshqa kasalliklarga chalinishdan qo‘rqadi. Bu esa uning o‘limdan qo‘rqishini va hayotni sevishini anglatadi. Men u yadro qurolini qo‘llashga tayyor ekaniga ishonmayman”, degan Ukraina Prezidenti.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga hozirda 72 yosh, Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy esa 47 yoshda ekani keltirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing