Putin SHHTga a’zo davlatlarga minnatdorlik bildirdi
Olam
−
04 iyul 2023
7986Bugun, 4 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida videoaloqa orqali qatnashib, tashkilotga a’zo mamlakatlarga “Vagner” isyoni paytida uni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi.
“Rossiya tashqi bosim, sanksiyalar va provokatsiyalarga ishonch bilan qarshilik ko‘rsatmoqda. Hozirgi vaziyatda mamlakatimiz barqaror rivojlanishda davom etmoqda. Rus xalqi har qachongidan ham mustahkamlandi, Rossiya siyosiy doiralarining, butun jamiyatning birdamligi va yuksak mas’uliyati qurolli qo‘zg‘olonga urinishlarga qarshi birlashgan front bo‘lib chiqish orqali yaqqol namoyon bo‘ldi. Fursatdan foydalanib, Rossiya rahbariyatining konstitutsiyaviy tuzumi, fuqarolar hayoti va xavfsizligini himoya qilish borasidagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan SHHT davlatlaridan kelgan hamkasblarimga minnatdorlik bildirmoqchiman. Biz buni yuksak qadrlaymiz”, degan Putin.
Shuningdek, Putin Ukrainada olib borayotgan urushdan ham gap ochgan. Uning ta’kidlashicha, uzoq vaqt davomida qo‘shni Ukrainadan “anti-Rossiya” davlati yaratilgan.
“Sakkiz yil davomida u qurol bilan to‘ldirildi, ular Donbassning tinch aholisiga qarshi tajovuzni ma’qulladi va “neonatsist”lar mafkurasini o‘rnatishda har qanday yo‘l bilan qatnashdi. Bularning barchasi Rossiya xavfsizligiga rahna solib, mamlakatimiz taraqqiyotini to‘xtatib qo‘yish uchun qilindi”, degan Rossiya rahbari.
Shu bilan birga Vladimir Putin SHHT xalqaro huquq va suveren davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmatga asoslangan hamkorlik tamoyillariga asoslangan “adolatli dunyo tartibini” shakllantirish tarafdori ekanini aytgan.
Ma’lumot uchun, sammitga Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi raislik qilmoqda. Uchrashuvda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etmoqda. Bundan tashqari, yig‘ilishda Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux SHHTda kuzatuvchi sifatida, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov esa raislik qiluvchi tomon mehmoni sifatida taklif etilgan.
LiveBarchasi