Putin roziligisiz hech qanday tinchlikka erishilmaydi – Trampning odami
Olam
−
13 may
4702Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlikka erishishning Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning roziligisiz imkoni yo‘q. Bu haqda AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff “Breitbart News” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Prezident Putinning roziligisiz hech qanday bitim bo‘lmaydi”, deya aniq va qa’tiyatli gapirgan Uitkoff.
U, shuningdek, bu mojaroda manfaatdor barcha tomonlar bilan muloqot o‘rnatish zarurligini ta’kidlagan.
Uitkoffning aytishicha, u nafaqat Rossiya va Ukraina rasmiylari, balki Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya va Italiya milliy xavfsizlik bo‘yicha mansabdor shaxslari bilan ham aloqada bo‘lib turibdi.
Trampning vakili Moskva va Kiyevni imkon qadar tezroq bevosita muzokaralarni boshlashga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Prezidenti Tramp har ikki tomonga “ultimatum” qo‘ygan – agar ular muzokaralarga o‘tmasa, Qo‘shma Shtatlar bu mojaroga aralashishni to‘xtatadi.
“Bu bizning urushimiz emas. Biz uni boshlamaganmiz, lekin uni tugatishga yordam berishni istaymiz”, degan Uitkoff.
AQSH vakiliga ko‘ra, bo‘lajak muzokaralarning asosiy mavzulari quyidagilar bo‘ladi:
Qrim, Donetsk va Lugansk xalq respublikalari, Xerson va Zaporoje viloyatlarining maqomi;
Zaporoje atom elektr stansiyasining (ZAES) kelajagi;
Ukrainani Dnepr daryosi va Qora dengizga chiqish imkoniyatlari bilan ta’minlash.
“Ba’zi masalalarni hal qilish oson bo‘ladi, agar biz tomonlarni bir stol atrofida o‘tqaza olsak. Ular o‘zaro muloqotda bo‘lishadi, biz esa muammolar doirasini toraytirib, har biriga ijodiy va murosali yechimlar topamiz”, deya qo‘shimcha qilgan Trampning vakili.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Rossiya Prezidenti tomonidan taklif etilgan 15 maydagi Istanbuldagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga Ukraina darhol rozi bo‘lishi kerakligini aytib, o‘zi ham bu uchrashuvda ishtirok etishi mumkinligini istisno qilmagandi.
LiveBarchasi