Putin Rossiya va Ukraina orasidagi dallol BAA Prezidentiga sim qoqdi
Olam
−
24 mart
4343Bugun, 24 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Putin Rossiya va Ukraina o‘rtasida ushlab turilgan shaxslar almashinuvini amalga oshirishda BAA tomonidan ko‘rsatilayotgan faol vositachilik yordami uchun minnatdorlik bildirgan.
Shuningdek, davlat rahbarlari Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘llarini izlash va Moskva hamda Vashington o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni normallashtirish maqsadida Rossiya-AQSH muloqotining hozirgi rivojlanishini muhokama qilgan. Muhammad Ol Nahayon Rossiya va AQSH tomonidan amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan va bugun Ar-Riyodda bo‘lib o‘tayotgan ikki mamlakat ekspert guruhlarining maslahatlashuvlarini olqishlagan.
Vladimir Putin va Muhammad Ol Nahayon Rossiya-BAA strategik sheriklik munosabatlarida erishilgan darajani ijobiy baholagan hamda savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishni davom ettirish tarafdori ekanini bildirishgan.
Qolaversa, Rossiya rahbari Muhammad Ol Nahayon va butun Amirlik xalqini musulmonlar uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi bilan tabriklagan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 24 mart kuni Saudiya Arabistoni poytaxtida amerikalik vositachilar Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bilan alohida muzokaralar o‘tkazayotgani, chunki Vashington uch yildan ortiq davom etgan urushdan so‘ng Moskva va Kiyev o‘rtasida cheklangan sulhga erishmoqchi ekaligi haqida xabar berilgandi. Uchrashuv matbuot uchun yopiq tarzda o‘tkazilgan.
LiveBarchasi