Putin Pashinyanning dardiga quloq soldi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 27 dekabr kuni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan uchrashdi. Muloqotda Janubiy Kavkazdagi vaziyatni tartibga solish, Armaniston-Ozarbayjon munosabatlarini muhokama qilindi. Shu bilan birga, Rossiya rahbari MDHning norasmiy sammiti arafasida Pashinyan va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uch tomonlama suhbat bo‘lib o‘tganini ta’kidladi. 

“Kecha biz [suhbatni] boshladik va uchalamiz gaplashishga muvaffaq bo‘ldik. Albatta, asosiy masala – butun Janubiy Kavkazdagi vaziyatni tartibga solish, Armaniston-Ozarbayjon munosabatlari, Qorabog‘ bilan bog‘liq hamma narsa”, deydi Putin.  

Rossiya rahbari, shuningdek, yaqinda Rossiya-Armaniston hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tganini eslatdi.  

“Hamkasblarim iqtisodiyotimizdagi vaziyat juda ijobiy rivojlanayotganini ta’kidladi: joriy yilning o‘n oyida tovar ayirboshlash hajmi 73 foizga o‘sdi, bu yaxshi natija”, deydi.

Pashinyanga ko‘ra, Ozarbayjon va Armanistonni bog‘lovchi hamda 2020 yil 9 noyabrda tuzilgan uch tomonlama sulhga asosan Rossiya tinchlikparvar kontingenti tomonidan qo‘riqlanadigan Lochin yo‘lagi 20 kundan beri Rossiya harbiy xizmatchilari nazoratida emas, muammoni hal qilish yo‘llarini izlash zarur.  

“Ayni paytda eng muhim masala – Lochin koridoridagi inqiroz. Bilasizki, u deyarli 20 kundan beri to‘sib qo‘yilgan", deydi respublika Vazirlar Mahkamasi rahbari. 

Uning eslatishicha, bu Tog‘li Qorabog‘dagi Rossiya tinchlikparvar kuchlarining mas’uliyatidagi hudud.  

“Eslatib qo‘ymoqchimanki, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti, Ozarbayjon Prezidenti va Armaniston Bosh vazirining [2020 yil 9 noyabrdagi] uch tomonlama bayonotiga ko‘ra, Lochin yo‘lagi Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazorati ostida bo‘lishi kerak. Ozarbayjon Respublikasi esa Lochin yo‘lagi bo‘ylab yo‘lovchilar va yuklarning to‘siqsiz o‘tishini kafolatladi. Endi ma’lum bo‘lishicha, Lochin yo‘lagi Rossiya tinchlikparvar kuchlari nazorati ostida emas. Albatta, men bu vaziyatni muhokama qilmoqchiman”, deydi Bosh vazir. 

Pashinyan,  shuningdek,  Putinga Sankt-Peterburgda MDHning norasmiy sammitini tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi va bunday uchrashuvlar yaxshi an’anaga aylanib borayotganini qo‘shimcha qildi. 

Lochin yo‘lagi Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘laydigan yagona yo‘ldir. 12 dekabr kuni o‘zlarini ekologlar deb tanishtirgan bir guruh ozarbayjonliklar Rossiya tinchlikparvar kontingenti vaqtincha joylashgan Lochin yo‘lagini to‘sib qo‘ydi. Baku norozilik aksiyasidan maqsad yo‘lni to‘sib qo‘yish emasligini, fuqarolik vositalari har ikki yo‘nalishda ham erkin harakatlana olishini bildirdi. 

Yerevan buni Baku tomonidan tan olinmagan respublikada gumanitar falokat yaratishga qaratilgan provokatsiya sifatida baholadi. Armaniston Bosh vaziri Pashinyan hukumat yig‘ilishida ma’lum qilganidek, Tog‘li Qorabog‘da qamal tufayli oziq-ovqat taqchilligi boshlangan. 


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Nikol Pashinyan

Baholaganlar

61

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing