Putin nega O‘zbekistonga qiziqib qolgani va manfaatlari haqida ochiq gapirdi

Olam

image

O‘zbekiston o‘zining rivojlanish sur’ati va siyosiy barqarorligi bilan Rossiya sarmoyasi uchun qiziqish uyg‘otadi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning 26-28 may kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarga ma’lum qildi. 

Matbuot anjumanida Rossiya rahbari Moskva Toshkentga logistika muammolarini hal qilishda yordam bera olishini qayd etdi. 

“O‘zbekiston munosabatlarni rivojlantirish nuqtayi nazaridan Rossiya uchun haqiqatan ham katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘zbekiston Prezidenti yetarlicha samarali boshqaruv tizimi va o‘sib borayotgan iqtisodiy modelni barpo etishga muvaffaq bo‘ldi, O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sishi yiliga 6 foizni tashkil etadi”, deydi Putin. 

Rossiya rahbari O‘zbekiston oldidagi geografik muammolarni yechishga yordam berishi mumkinligini qayd etgan. 

“O‘zbekistonning muammolari borki, bu uning dengizga, okeanga chiqish imkoniyati yo‘qligidadir. Biz ham mintaqadagi boshqa hamkorlar bilan birgalikda O‘zbekistondagi do‘stlarimizga ushbu logistika muammosini hal qilishda yordam berish uchun choralar ko‘rishimiz mumkin”, deydi u.

Putin O‘zbekiston bugungi kunda sobiq Sovet Ittifoqining Rossiyadan keyin eng ko‘p aholisi bo‘lgan davlat ekanini eslatib o‘tdi – 37 million. 

“Har yili O‘zbekistonda aholi soni qo‘shimcha bir millionga o‘sib bormoqda”, deydi Rossiya Prezidenti.

Davlat rahbari kelgusidagi rejalarga to‘xtalib, shunday deydi: 

“Sanoat kooperatsiyasi, energetika, infratuzilma sohalarida ko‘plab qo‘shma rejalarimiz bor. Savollar juda ko‘p, mumkin bo‘lgan loyihalar hajmi juda katta. Qo‘shma loyihalar uchun 500 million dollarlik fond yaratdik, shundan 400 million dollari Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Buning sababi,  bizda katta manfaatlar bor”, deydi Putin o‘z manfaatlarini yashirmay. 

Uning urg‘ulashicha, O‘zbekiston siyosiy tizimining barqarorligini hisobga olgan holda foydali loyihalar amalga oshirilishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing