Putin nega aynan hozir Ozarbayjonga bordi?
Olam
−
19 avgust
13341Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjonda. Uning tashrifi ikki kun - 18 va 19 avgust kunlari o‘tishi rejalashtirilgan. Putin Bakuga Rossiya hududida – Kursk viloyatida Ukraina armiyasiga qarshi janglar ketayotgan bir paytda bordi.
Tashrif chog‘ida Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasidagi ittifoqchilik va strategik munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. Rossiya rahbari, shuningdek, Prezident Ilhom Aliyev bilan Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlik jarayonini muhokama qilishi kutilmoqda.
Bu Vladimir Putinning ikki yil avval Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan beri Ozarbayjonga ilk tashrifi. Bu tashrif ham Ukraina Rossiya hududiga bostirib kirgan va Rossiyaning o‘zida janglar ketayotgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
BBC Ozarboyjon xizmati muharriri Kenul Xalilovaning yozishicha, Rossiya Ukraina yerlarini anneksiya qilgani uchun G‘arbdan yakkalanib qolgandan so‘ng, Putin ittifoqchilar bilan aloqalarini mustahkamlash va yangi aloqalarni topishga intilmoqda.
U armiyasi Ukraina hududiga bostirib kirgan kunlarda Ozarbayjon bilan ittifoqchilik shartnomasini imzolagan. Ozarbayjon hukumati Ukraina va G‘arb bilan yaxshi munosabatda bo‘lsa-da, hech qachon Putindan yuz o‘girgani yo‘q. Bu galgi davlat tashrifi ham Rossiya rahbari uchun uni qo‘llab-quvvatlovchi davlatni dunyoga ko‘rsatish imkoniyati bo‘ldi.
E’tiborli tarafi, Putin Ozarbayjongacha Shimoliy Koreya va Vetnamga ham davlat tashriflarini amalga oshirgan.
Gaz masalasi
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi va G‘arb sanksiyalar joriy qilishi ortidan Moskva Yevropa davlatlariga gaz eksportini to‘xtatdi. Buning evaziga Ozarbayjon Yevropa Ittifoqi bilan shartnoma imzoladi va Rossiya gazisiz qolgan Yevropa davlatlariga gaz eksportini oshirishga kelishib oldi.
Siyosiy tahlilchi Fuad Shahbazovning fikricha, Vladimir Putinning Ozarbayjonga bu galgi tashrifidan ko‘zlangan asosiy maqsadlar iqtisodiy va birinchi navbatda, energetika masalalari bilan bog‘liq. Uning fikricha, tashrif davomida Ozarbayjon va Rossiya o‘rtasida gaz tashish bo‘yicha yangi hujjat imzolanishi mumkin.
“Ozarbayjon gazining Yevropaga eksporti hajmini oshirish evaziga Rossiya gazini Ozarbayjonga yetkazib berish bo‘yicha hujjat imzolanishi mumkin. Ya’ni, Rossiya gazidan ichki bozor uchun foydalanish mumkin. Bundan tashqari, iqtisodiy sohada hamkorlik bo‘yicha hujjat imzolanishi mumkin”, deydi Fuad Shahbazov.
Tahlilchiga ko‘ra, bu tashrifdan yana bir maqsad Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tinchlik jarayonidagi Rossiya pozitsiyasini mustahkamlash bo‘lishi mumkin. Uning fikricha, so‘nggi paytlarda G‘arb institutlari ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyatni hal qilishda faollashgan va Rossiya Janubiy Kavkaz mintaqasida o‘z ta’sirini tiklashdan manfaatdor.
Tinchlik shartnomasini qo‘llab-quvvatlash
“Rossiya tomoni Ozarbayjon va Armaniston munosabatlarini normallashtirishga har tomonlama hissa qo‘shishga tayyor”, deb yozmoqda “RIA Novosti” Kremlga tayanib.
So‘nggi oylarda Ozarbayjon va Armaniston chegaralarni delimitatsiya qilish va tinchlik shartnomasini tuzish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borib, tinchlik shartnomasini imzolashga tayyor ekanliklarini bildirmoqda.
Avgust oyida Baku va Yerevan tinchlik bitimi loyihasidan Ozarbayjon va uning eksklavi Naxichevanni bog‘lovchi “Zangezur yo‘lagi” haqidagi bandni chiqarib tashladi. Bu masala muzokaralarning keyingi bosqichida muhokama qilish uchun qoldirildi.
Baku va Moskva Ozarbayjon va Naxichevan o‘rtasidagi yo‘l Rossiya nazoratida bo‘lishini istardi, biroq Armaniston bunga qarshi chiqdi.
Armaniston va Rossiya o‘rtasidagi kelishmovchiliklar Ikkinchi Qorabog‘ urushidan keyin yuzaga kelgan. Rasmiy Yerevan urush paytida Rossiya va KXSHT unga yordam bermaganidan norozi. Armanistonning G‘arb davlatlariga qurol-yarog‘ va armiya tayyorlash bo‘yicha murojaati ham Rossiyaning noroziligiga sabab bo‘ldi. Rasmiy Moskva NATOga a’zo davlatlarning Armanistonda bo‘lishini olqishlamaydi.
Bu omillar, shuningdek, Putin va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasidagi shaxsiy adovat so‘nggi yillarda Rossiya va Armanistonni uzoqlashtirgan.
Rossiya va Armaniston ittifoqchi bo‘lishiga qaramay, Vladimir Putin u yerga bormadi, chunki Armaniston Xalqaro Jinoyat Sudi qarorlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar a’zosi hisoblanadi. 2023 yil 17 mart kuni Xalqaro jinoyat sudi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order berdi.
Tashrifning Eronga aloqasi bormi?
Rossiya Prezidentining bugungi tashrifidan sal avval, 6 avgust kuni Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu Ozarbayjonga tashrif buyurib, Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Uning Bakugacha bo‘lgan yo‘li Eron orqali o‘tgan.
Sergey Shoygu Tehronda HAMAS yetakchisi Ismoil Xoniya o‘ldirilganidan bir hafta o‘tib, Eronga tashrif buyurgan va Bakuda uchrashuv o‘tkazgan, shundan so‘ng vataniga qaytgan. Shoygu tashrifi chog‘ida Janubiy Kavkazda tinchlik va xavfsizlik kabi masalalar haqida gapirdi, lekin mintaqa davlatlari orasida faqat Ozarbayjonga tashrif buyurdi.
Mutaxassislarning fikricha, rossiyalik yuqori martabali mulozimning avval Tehronga, keyin esa Bakuga tashrifi Eron va Isroil o‘rtasidagi mojaroning ehtimoliy avj olishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Tahlilchi Fuad Shahbazovga ko‘ra, Rossiya Eron va Isroil o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda Ozarbayjondan Isroilga yashirin yordam berilishi mumkinligidan xavotirda.
LiveBarchasi