Rossiya Ukrainaga yirik raketa va dron hujumi uyushtirdi
Olam
−
13 dekabr 2024
14437Bugun, 13 dekabr kuni ertalab Rossiya Ukraina hududiga 93 ta raketa va 200 ga yaqin dron uchirdi. Bu haqda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘i orqali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, urib tushirilgan 81 ta raketaning 11 tasi (qanotli raketa) F-16 texnologiyasi bilan urib tushirilgan.
"Bu bizning energetika sektorimizga qilingan eng katta hujumlardan biri", degan Zelenskiy.
Shuningdek, Zelenskiy bitta raketa Shimoliy Koreyaga tegishli ekanligini ham ta’kidlab o‘tgan.
Ukrainaning barcha hududlarida havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilingan. Portlashlar Kiyev, Cherkas, Vinnitsa, Xmelnitskiy, Odessa, Xarkov va Ivano-Frankivsk viloyatlarida sodir bo‘lgan.
“Ukrenergo” shirkati mamlakat aholisining yarmiga yaqini elektr energiyasiz qolganini ma’lum qilgan. Ukrainadagi eng yirik xususiy energetika kompaniyasi DTEK bir nechta issiqlik elektr stansiyalari uskunasiga shikast yetgani haqida xabar bergan.
Rossiya Mudofaa vazirligi ham Taganrogdagi aerodromga ATACMS raketalari bilan uyushtirilgan hujumga javoban Rossiya harbiylari Ukraina energetika ob’ektlariga ommaviy hujum uyushtirganini ma’lum qilgan.
“Zarbalarning maqsadlariga erishildi, barcha ob’ektlarga zarba berildi”, degan Rossiya mudofaasi vakillari.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 noyabr kuni Rossiya Ukraina bo‘ylab dron hujumlari uyushtirgandi. Oqibatda noturarjoy infratuzilmasi ob’ektiga shikast yetgan, bir jabrlanuvchi topilib, poytaxtdagi tibbiyot muassasasiga yotqizilgan. Shu bilan birga, Ukraina harbiy-havo kuchlari tun bo‘yi dron hujumlari xavfi haqida, xususan, Kiyev, Poltava va Cherkas viloyatlari hamda mamlakat shimoli-sharqida ogohlantirgan.
LiveBarchasi