Putin NATO davlatlarining qat’iyatini sinab ko‘rmoqchi – WSJ
Olam
−
18:50 2523 3 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urush davom etayotgan bir paytda NATO davlatlaridan biriga cheklangan hujum uyushtirib, alyansning qat’iyatini sinab ko‘rishi mumkin. Bu haqda AQSH razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, “The Wall Street Journal” xabar berdi.
Qayd etilishicha, AQSH razvedkasi avvalroq Putin Ukraina bilan urush davom etayotgan paytda NATO davlatini ataylab qo‘zg‘atmaydi, deb hisoblagan. Biroq bu baho joriy yil boshida o‘zgargan. Bunga Rossiya qo‘shinlarining frontdagi katta yo‘qotishlar fonida kamroq hududiy yutuqlarga erishayotgani, shuningdek, Ukraina dronlarining Rossiya armiyasi va neft sanoatiga yetkazayotgan zarari sabab bo‘lgan.
AQSH rasmiylariga ko‘ra, Putin Ukrainadagi urushda o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishda qiynalayotgani va mamlakat ichida g‘alabaga erishish bosimi kuchayayotgani sabab yanada xavfli qadamlar tashlashi mumkin.
AQSH va Yevropa rasmiylari Rossiya NATOning qat’iyatini sinashga qaratilgan ayrim harakatlarni allaqachon amalga oshirayotganidan xavotirda. Xususan, Rossiya qanotli raketalari Polsha hududiga tushgani va dronlar Ruminiya hududiga kirgani misol sifatida keltirilgan.
Razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning NATOga qarshi ehtimoliy harakatlari turlicha bo‘lishi mumkin. Ular NATO davlatiga kiberhujum uyushtirish, nishonini yashirgan qurollangan guruhlarni yuborib, hududni egallash yoki alyansning sharqiy qanotida cheklangan harbiy operatsiya o‘tkazishni o‘z ichiga oladi.
AQSH razvedkasi bunday harakat uchun ehtimoliy vaqt oralig‘ini 2026 yil kuzi va 2029 yil oralig‘i deb baholamoqda. Biroq eng keskin ssenariy – NATO hududiga cheklangan quruqlik bosqini – hozircha ehtimoli past deb hisoblanmoqda. Shu bilan birga, razvedka hisobotlarida vaqt o‘tishi bilan bunday xavf oshishi mumkinligi qayd etilgan.
Agar Rossiya Ukraina bilan urush davom etayotgan paytda NATO davlatiga hujum qilsa, AQSH rasmiylari uning asosiy maqsadi alyansni zaiflashtirish va hatto bo‘lib yuborish bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Bunday quruqlik bosqini NATOning Shimoliy Atlantika shartnomasidagi 5-moddasini ishga tushirishi mumkin. Mazkur modda alyans a’zolarining biriga qarshi qurolli hujum barcha a’zolarga qarshi hujum sifatida ko‘rilishini va jamoaviy mudofaa majburiyatini nazarda tutadi. Biroq kiberhujum yoki boshqa gibrid hujumlarga NATOning qanday javob berishi 5-moddada quruqlikdagi harbiy hujumdagidek aniq belgilanmagan.
“The Wall Street Journal” ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHning Rossiya yoki Xitoy bilan ehtimoliy kelajakdagi urushga tayyorgarligi bo‘yicha yana bir muammo mavjud. Ukrainaga qurol yetkazib berish hamda Eron bilan urush sabab AQSHning ayrim muhim o‘q-dori va raketalar zaxirasi kamaygan.
Xususan, zaxirasi qisqargan qurollar qatorida uzoq masofaga uchuvchi Precision Strike Missile, ATACMS hamda qisqa masofali Stinger zenit raketalari bor. Shuningdek, Patriot, SM-3 va THAAD kabi havo mudofaasi vositalarining ayrim zaxiralari ham kamaygani haqida AQSH rasmiylari ma’lum qilgan.
Biroq Pentagon bu boradagi o‘q-dori tanqisligi haqidagi da’volarni rad etgan. Oq uy esa AQSH armiyasida prezident Donald Trampning strategik maqsadlarini amalga oshirish uchun yetarli miqdorda o‘q-dori borligini bildirgan.
NATO vakili polkovnik Martin O’Donnell esa alyans turli ehtimoliy ssenariylarni doimiy ravishda ko‘rib chiqishi va zarur bo‘lsa, NATO o‘zini himoya qilishga tayyorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NATO Ukrainaga zudlik bilan zarur bo‘lgan havo hujumidan mudofaa vositalarini yetkazish ustida ishlayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi