Eron AQSH ob’ektlariga zarba berish uchun yangi nishonlarni e’lon qildi
Olam
−
21:08 465 2 daqiqa
Eron AQSH tomonidan hujumlar qayta boshlangan taqdirda, yangi qurollarni qo‘llagan holda ilgari zarba berilmagan Amerika ob’ektlariga hujum qiladi. Bu haqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) vakili Husayn Mohebiy ma’lum qildi.
“Bizning nishonlarimiz ham endi avvalgidek bo‘lmaydi. Bizda hali zarba berilmagan yangi nishonlar bor”, deydi Mohebiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zgarishlar urush geografiyasiga, qo‘llanilayotgan qurol va harbiy texnikaga daxldor bo‘ladi.
“Biz jangovar maydonga yangi imkoniyatlarga ega yangi qurollarni olib chiqamiz va dunyo hayratda qoladi”, deydi IIQK vakili.
Qayd etish joiz, kecha, 19 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron atrofidagi vaziyat bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida ekanini va yaqin kelajakda “ancha jiddiy voqealar” kutilayotganini ma’lum qilgan. Biroq Trampning Eron bilan nizoning ehtimoliy rivojlanishi haqidagi bayonotlari so‘nggi haftalarda bir necha bor o‘zgardi. Xususan, 18 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Vashington nizoning burilish nuqtasiga kelganini aytgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, u Eronga “bostirib kirish va yo‘q qilish” yoki qilmaslik masalasini yechishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Qatar orqali AQSHga urushni to‘xtatish bo‘yicha o‘z shartlarini yuborgani haqida xabar berilgan edi. Tehron barcha frontlarda jangovar harakatlarni to‘xtatish, muzlatilgan mablag‘larni blokdan chiqarish va dengiz blokadasini bekor qilishni talab qilmoqda.
Live
Barchasi