Putin muzokaralarga “og‘ir vaznlilar jamoasi”ni jalb qildi
Olam
−
15 fevral
10063Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH rasmiylari bilan Rossiya-Ukraina urushini tugatish bo‘yicha gaplashish uchun “ko‘p yillik muzokaralar tajribasiga ega og‘ir vaznlilar jamoasi”ni tuzmoqda. Bu haqda kecha, 14 fevral kuni “Bloomberg” xabar berdi.
Agentlik manbalarining xabar berishicha, muzokaralar guruhiga Rossiya Prezidentining tashqi siyosat masalalari bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov, Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkin va Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi (RFPI) bosh direktori Kirill Dmitriyev kiritilgan.
“Bloomberg” ta’kidlaganidek, Ushakov ham, Narishkin ham Rossiya qo‘shinlarining keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanganidan ko‘p o‘tmay, Ukraina bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha birinchi muzokaralarda qatnashgan. Dmitriyev, o‘z navbatida, 2025 yilning fevral oyida Rossiyada giyohvand moddalar kontrabandasi uchun 14 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan amerikalik maktab o‘qituvchisi Mark Fogelni ozod qilish bo‘yicha AQSH bilan muzokaralarda ishtirok etdi.
Rossiya guruhi tarkibiga 2022 yilda Rossiya-Ukraina muzokaralarining boshqa ishtirokchilari ham kirishi mumkin. Kremlga yaqin manbaga ko‘ra, ular Ukraina vakillari bilan muzokaralarda yordam beradi. Ular orasida Rossiya Prezidenti yordamchisi Vladimir Medinskiy ham bo‘lishi mumkin.
Dmitriyevning matbuot xizmati uning ehtimoliy tinchlik muzokaralarida ishtirok etishiga izoh berishdan bosh tortdi. Kreml esa so‘rovga javob bermadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida (MSC) jurnalistlar bilan uchrashuvda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy harbiy dushman Rossiya bilan “juda qiyin” tinchlik muzokaralarini kutayotganini ma’lum qildi. U har qanday vaqtda “haqiqiy muzokaralar”ga tayyor ekanini aytdi. Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Ukraina tomoni Rossiya harbiy agressiyasini to‘xtatishning turli yo‘llarini – tinchlikparvar qo‘shinlar kontingentidan tortib, xavfsizlik kafolatlari va NATOga qo‘shilishgacha bo‘lgan masalalarni muhokama qilishga tayyor.
LiveBarchasi