Putin milliarderlar bilan yopiq uchrashuv o‘tkazdi

Olam

image

Kecha, 27 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatdagi yirik biznes vakillari bilan yopiq uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi (RSPP) prezidenti Aleksandr Shoxin jurnalistlarga ma’lum qilishicha, Putin bilan o‘tkazilgan yopiq uchrashuvda yirik biznes vakillari sun’iy intellektni (SI) tartibga solish, tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish hamda platformali iqtisodiyot masalalarini muhokama qilgan.

Davlat rahbari RSPP qurultoyining yalpi majlisidan so‘ng ittifoq boshqaruvi byurosi a’zolari va tadbirkorlar bilan yopiq formatda uchrashuv o‘tkazgan. Muloqot qariyb ikki soat davom etgan. Shoxinning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi mavzular bilan bir qatorda, Putin va biznes vakillari sanksiyalarga nisbatan “ko‘zgu mexanizmi orqali javob berish” zaruriyatini ham ko‘rib chiqqan. Gap do‘st bo‘lmagan mamlakatlarda huquqlari buzilgan Rossiya kompaniyalarining manfaatlarini sud orqali himoya qilish haqida ketgan.

“U huquqshunos sifatida bizga xalqaro ommaviy huquqning xususiy huquqdan nimasi bilan farq qilishini va qanday ishlash mumkinligini tushuntirib berdi. Ya’ni, u ushbu takliflarni ko‘rib chiqish uchun qabul qildi”, deya aniqlik kiritgan Shoxin.

RSPP rahbarining ta’kidlashicha, Prezident va biznes an’anaviy tarzda geosiyosat, jumladan, Ukraina va Yaqin Sharqdagi vaziyatni ham muhokama qilgan. Shoxinning aytishicha, Putin yaqin uch-to‘rt hafta ichida Yaqin Sharqdagi mojaro hal etilishiga umid bildirgan, biroq inqiroz sharoitida olingan o‘ta yuqori foyda “uzoq davom etmasligini” tushuntirgan.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Shoxin Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikovning Davlat dumasidagi bayonotiga ham izoh bergan. Vazir ayrim tarmoqlarda o‘ta yuqori foyda solig‘ini joriy etish bo‘yicha muloqotga tayyorligini aytgan edi. RSPP rahbarining fikricha, agar rubl kursi keskin zaiflashsa va eksportchilarda qo‘shimcha kurs daromadlari paydo bo‘lsa, bunday muhokamalar o‘rinli bo‘lishi mumkin.

“Agar rubl qadrsizlansa, o‘ta yuqori foyda paydo bo‘ladi va uni xuddi avvalgi windfall tax (kutilmagan foyda solig‘i) kabi soliqqa tortishni hech bo‘lmaganda muhokama qilish mumkin. Agar rubl kursi 100 gacha tushib ketsa, eksportchilarda muhokama qiladigan narsa topiladi”, deydi u.

Tadbirkor Oleg Deripaskaning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini tiklash haqida ham so‘z borgan. 

“Prezident aynan shu masalaga – tashqi bozorlardagi o‘zgargan vaziyatni hisobga olgan holda qanday cheklovlar, muammolar va istiqbollar borligiga katta e’tibor qaratdi. Markaziy bankning antiinflyatsion dasturlariga qaramay, iqtisodiy o‘sish sur’atlarini qanchalik tez tiklash mumkinligi eng asosiy masaladir”, deydi u qurultoy doirasida.

Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqining bu galgi qurultoyi hisob bo‘yicha 35-si bo‘ldi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning tushuntirishicha, Putin biznes vakillari bilan muntazam muloqot qiladi, uchrashuvning yopiq formati esa eng dolzarb va muhim masalalarni ochiq muhokama qilish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya Federal razvedka xizmati Rossiya byudjetidagi real “teshik” bir yilda 8 trln rubldan oshib ketgani haqida xabar bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin yopiq uchrashuv biznes vakillari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing