Rossiya byudjetidagi real “teshik” bir yilda 8 trln rubldan oshib ketdi – razvedka
Olam
−
20:54 2035 3 daqiqa
Rossiya hukumati har uchinchi rublni urushga sarflayotgan va o‘tgan yili neft-gaz tushumlari sezilarli darajada kamaygan federal byudjet taqchilligining real hajmini yashirishga urinmoqda. Germaniya Federal razvedka xizmati (FRX) o‘tgan yilgi byudjet ma’lumotlari tahlili yakunlari bo‘yicha shunday xulosaga keldi.
FRX bahosiga ko‘ra, g‘aznadagi real “teshik” Moliya vazirligi hisobot bergan 5,65 trillion o‘rniga 8,01 trillion rublga yetgan. Shunday qilib, 2024 yilga nisbatan Rossiya Federatsiyasi byudjeti taqchilligi 130 foizga oshgan bo‘lishi mumkin, Moliya vazirligining dastlabki rejasi (1,2 trln rubl) esa deyarli 7 barobarga ortig‘i bilan bajarilgan.
“Razvedka ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, 2025 yil uchun federal byudjet taqchilligi rasman xabar qilinganidan 41,8 foizga yuqori bo‘lib, 3,7 foizni tashkil etgan (Moliya vazirligi hisobotida 2,6 foiz o‘rniga)”, deb yozadi FRX.
Germaniya razvedkasi relizida aytilishicha, Rossiya “og‘riqli yo‘qotishlarni bo‘yab ko‘rsatilgan raqamlar yordamida yashirishga” urinmoqda, vaholanki iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlari pasayish ko‘rsatmoqda, davlat statistikasining ishonchliligi esa yomonlashmoqda.
Germaniya Xalqaro xavfsizlik muammolari instituti eksperti Yanis Klyugening tushuntirishicha, Moliya vazirligining “kreativ buxgalteriyasi” shundan iboratki, federal byudjet taqchilligining bir qismi, aftidan, boshqa davlat byudjetlari hisobiga yozib yuborilgan.
Gap hududlar byudjetlari va byudjetdan tashqari jamg‘armalar – Ijtimoiy jamg‘arma (sobiq Pensiya jamg‘armasi) va Majburiy tibbiy sug‘urta jamg‘armasi haqida bormoqda. Iqtisodchi Viktor Tunevning e’tibor qaratishicha, ularning defitsiti rekord darajaga – sub’ektlarda 1,5 trln rublga va Ijtimoiy jamg‘armada 1,2 trln rublga sakragan.
“Masalan, Ijtimoiy jamg‘arma federal g‘aznadan 2,2 trln rubl kamroq transfert olgan”, deb tushuntiradi u.
Rossiya Federatsiyasi konsolidatsiyalashgan byudjetining umumiy taqchilligi rekord darajadagi 8,3 trln rublga yetgan. Ushbu “teshik”ni yopish uchun Moliya vazirligi davlat qarzi bozoridan 7 trln rubl qarz olgan va yana 2 trln rublni Milliy farovonlik jamg‘armasidan olgan – bu defitsitni qoplash va qarz bo‘yicha foiz to‘lovlarini amalga oshirish imkonini bergan.
Hukumat 2026 yilgi byudjetni 3,8 trln rubl taqchillik bilan tuzgan, biroq Alfa-bank baholashiga ko‘ra, fevral oyi oxirigacha “teshik” 3,2 trln rublga yetib bo‘lgan. O‘tgan yili chorak qismga tushib ketgan neft-gaz daromadlari yana deyarli ikki baravarga qisqargan va yanvar-fevral oylarida oyiga o‘rtacha 400 mlrd rubl atrofida bo‘lgan.
“Biroq neft narxining hozirgi yuqori darajasi byudjetning xomashyo daromadlari oqimini to‘ldirishga umid bermoqda”, deb ta’kidlaydi Alfa-bank bosh iqtisodchisi Nataliya Orlova.
Bir barreli 40 dollargacha tushib ketgan Urals markali neft narxi Erondagi urush va Yaqin Sharqdagi neft savdosini falaj qilgan Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi sababli 70 dollargacha ko‘tarilgan.
Alfa-bank prognoziga ko‘ra, Urals’ning o‘rtacha narxi 50-60 dollar bo‘lganida, mart oyida neft-gaz daromadlari 800-900 mlrd rublgacha oshishi mumkin, ya’ni yil boshidagi darajalarga nisbatan taxminan ikki baravar ko‘payadi.
Live
Barchasi