Buxoroga yopirilgan bo‘ron 141 mlrd so‘mlik zarar yetkazgan
Jamiyat
−
12 may 2020
8175Joriy yilning 27 aprel kuni Turkmanistondan kirib kelgan havo oqimi Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy va Samarqand viloyatlarida kuchli shamol aralash yomg‘ir yog‘ishiga sabab bo‘lgandi. ofat eng ko‘p Buxoro viloyatiga, xususan, Olot va Qorako‘l tumanlariga talafot yetkazgandi.
Ofat oqibatlarini o‘rganish va bartaraf etish uchun tuzilgan viloyat shtabi Buxoroda yuz bergan tabiiy ofat natijasida shahar va tumanlarda 41 ming 927 ta bino va inshootlar talafot ko‘rganini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Binolarning 41 ming 85 tasi aholi xonadonlari, qolgan 842 tasi ijtimoiy soha ob’ektlari bo‘lib, ularga turli xil darajada zarar yetgan.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, ko‘rilgan zarar 141,6 milliard so‘m etib belgilanmoqda.
Ayni kunda 24 ming 322 ta aholi xonadoni, 326 ta umumta’lim, 160 ta maktabgacha ta’lim, 81 ta sog‘liqni saqlash va 88 ta boshqa muassasalarda ta’mirlash-tiklash ishlari yakunlandi.
Viloyatning barcha hududlariga shu vaqtga qadar 825 ming 492 dona shifer, 414 ming 906 kv.metr profnastil, 3 ming 700 kv metr oyna, 4 ming 249 metr kub yog‘och-taxta, 185 tonna sement, 45 ming dona g‘isht, 1 ming 600 kilo mix yetkazib berilgan.
Aholi turar joylari va ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazilgan zararni bartaraf etishda jami 32 ming 530 nafar quruvchilar jalb qilingan.
Shuningdek, Mudofaa vazirligidan 240 nafar (32 birlik maxsus texnika), viloyat Favqulodda vaziyatlar vazirligidan 245 nafar (54 birlik maxsus texnika), Ichki Ishlar vazirligidan 79 nafar (18 birlik maxsus texnika), Milliy gvardiyadan 250 nafar (18 birlik maxsus texnika) shaxsiy tarkib amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tomonidan 16 ta bekatlar to‘liq ta’mirlandi.
Eslatib o‘tamiz, tabiiy ofat yuz bergan kunning ertasiga O‘zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga borib, Olot va Qorako‘l tumanlarini vertolyotda aylangandi.
LiveBarchasi