Putin MDH davlatlarining rus tili tashkiloti haqidagi kelishuvni ma’qullashini kutmoqda

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining barcha davlatlari Xalqaro rus tili tashkilotini tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani tez orada ratifikatsiya qilishini kutmoqda. Bu haqda u bugun, 8 oktyabr kuni Moskvada bo‘lib o‘tayotgan MDH Davlat rahbarlari kengashida so‘z ochdi.

“Bir yil avval Bishkekda biz Xalqaro rus tili tashkilotini tashkil etish to‘g‘risida shartnoma imzolagan edik. Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston va Tojikiston allaqachon uni ratifikatsiya qilgan. Umid qilamanki, qolgan do‘stlarimiz va ishtirokchi davlatlar tegishli ichki tartib-qoidalarni amalga oshiradi”, dedi Putin.

U Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga shunday tuzilmani yaratish tashabbusi uchun minnatdorlik bildirdi.

“Menimcha, bu juda foydali va muhim tashabbus, chunki rus tili barchamiz uchun millatlararo muloqot tilidir”, deya xulosa qildi Rossiya rahbari.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 13 oktyabr kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari sammitida rus tili Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida millatlararo til sifatida tan olingandi. Bishkekda o‘tgan sammitda MDH davlat rahbarlarining rus tilini millatlararo muloqot tili sifatida qo‘llab-quvvatlash va targ‘ib qilish to‘g‘risidagi bayoni imzolangan. Shuningdek, yig‘ilgan barcha davlat rahbarlari “Xalqaro rus tili tashkilotini ta’sis etish to‘g‘risida”gi shartnomaga ham e’tirozsiz imzo chekkan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya MDH Vladimir Putin rus tili Xalqaro rus tili tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing