Putin Markaziy Osiyoga keladi
Olam
−
26 Sentabr 2023
25361Rossiya Prezidenti Vladimir Putin oktyabr oyining o‘rtalarida Qirg‘izistonga keladi. Bu haqda Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Rossiyaning Leningrad viloyati gubernatori bilan uchrashuvida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Lukashenko Putin bilan telefon orqali gaplashgan va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilgan.
“Kecha men Rossiya Prezidenti bilan gaplashdim. Ikkita loyiha bo‘yicha kelishib oldik. 15 oktyabrda esa biz Qirg‘izistonda uchrashamiz va bu haqda batafsil gaplashamiz”, deydi u.
Qayd etish joizki, oktyabr oyi o‘rtalarida Bishkekda MDH davlatlarining sammiti bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Lukashenko ham aynan mana shu sammit doirasidagi uchrashuvni nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas.
Ma’lumot uchun, Vladimir Putin Qirg‘izistonga oxirgi marta 2022 yilning dekabrida tashrif buyurgan edi. O‘shanda u Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi sammitida ishtirok etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabr kuni Nyu-York shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilarining “C5+1” formatidagi birinchi sammiti bo‘lib o‘tgandi. Unda AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlari qatnashgandi. Tadbir so‘nggida AQSH Prezidenti Jo Bayden Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga kelishni rejalashtirayotganini aytgandi.
LiveBarchasi