Putin Xitoy mudofaa vaziri bilan harbiy hamkorlikni muhokama qildi 

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Davlat kengashi a’zosi, Xitoy mudofaa vaziri Li Shanfu bilan uchrashdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu ham ishtirok etdi.

Putin ta’kidlaganidek, mamlakatlar o‘rtasida barcha sohalarda – iqtisodiyot, ijtimoiy, madaniy va ta’lim sohalarida munosabatlar yaxshi rivojlanmoqda.

“Ammo biz harbiy idoralar orqali ham faol ishlayapmiz, muntazam ravishda o‘zimiz uchun foydali bo‘lgan ma’lumotlar bilan almashamiz, harbiy-texnik sohasida hamkorlik qilamiz, bundan tashqari, Uzoq Sharq mintaqasida, Yevropada dengizda, quruqlikda va havoda ham qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. O‘ylaymanki, bu, albatta, munosabatlarimizning faqat ishonchli, strategik xususiyatini mustahkamlovchi yana bir muhim yo‘nalish – Rossiya Federatsiyasi va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlardir”, dedi Putin.

O‘z navbatida, Li Shanfu so‘nggi paytlarda Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlik juda yaxshi rivojlanib borayotganini ta’kidladi. Bu global va mintaqaviy xavfsizlikka katta hissa qo‘shmoqda.

“Bugun men Rossiyaga keldim. Bu sizning XXR raisi Si Szinpin bilan mart oyida Moskvaga tashrifi chog‘ida erishgan kelishuvlaringizni amalga oshirishdir. Bu mening Xitoy Xalq Respublikasi mudofaa vaziri lavozimiga kelganimdan keyin xorijga birinchi tashrifimdir. Ikki tomonlama munosabatlarimizning o‘ziga xos xususiyati va strategik ahamiyatini ta’kidlash uchun men buning uchun alohida Rossiyani tanladim”, dedi Li Shanfu.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasida juda mustahkam aloqalar mavjud, ular qo‘shilmaslik, uchinchi tomon bilan qarama-qarshilik qilmaslik tamoyillariga asoslangan sovuq urush davridagi harbiy-siyosiy ittifoqlardan ustundir.

“13 yil davomida Xitoy Rossiyaning birinchi savdo sherigi bo‘ldi. O‘zaro munosabatlarni rivojlantirar ekanmiz, biz o‘z vakolatlarimiz zimmasiga yuklangan mas’uliyatni tushunamiz, ayniqsa, so‘nggi 100 yil ichida eng katta o‘zgarishlar ro‘y berayotganini hisobga olib, yelkama-yelka turib, xalqlarimiz farovonligini yuksaltirish yo‘lida harakat qilyapmiz. Shuningdek, jahon iqtisodiyotining tiklanish jarayoni juda sekin kechayotganini, dunyo juda notinch, tinchlikka talab katta, mamlakatlar o‘rtasidagi tinch munosabatlar talab etilishini ham hisobga olamiz”, dedi u.

Uchrashuvda harbiy hamkorlik haqida gapirilganu, biroq u o‘z ichiga nimalarni olishi to‘liq bayon etilmagan. 

Aytish joizki, Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshlanganidan buyon G‘arb va Ukraina “Xitoy rus tomonini qo‘llash uchun qurol yetkazib beryapti” degan fikrni olg‘a surib keladi. Biroq Xitoy bu taxminlarni keskin rad etib kelmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina tomoni urushda qo‘llanilayotgan rus qurollari tarkibida Xitoyda ishlab chiqarilgan tarkibiy qismlar topilayotgani haqida ma’lum qilgan edi. Bu “Xitoy urushda Rossiyani qurol bilan ta’minlayapti” degan fikrlar tasdiqlanishiga sha’ma qilingan. Biroq har galgidek Xitoy buni keskin rad etgan va u boshqa davlatlar, jumladan, Rossiya bilan ham uzoq yillik savdo hamkorligiga ega ekanligini ta’kidlagan. Harbiy buyumlar eksporti borasida esa Xitoy butun vaqt davomida ehtiyotkor va mas’uliyatli munosabatda bo‘lgani urg‘ulangan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing