Putin Qrimni kuch bilan egallab olganiga 9 yil to‘lyapti

Tahlil

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainaning anneksiya qilingan Qrim yarimorolini Rossiya Federatsiyasi tarkibiga qabul qiluvchi qonunlar to‘plamini imzolaganiga ham to‘qqiz yil to‘lyapti. Anneksiya qilingan Qrim bilan birga Rossiya hozirda Ukraina hududining qariyb 15 foizini nazorat qilmoqda.

Ta’kidlash joizki, Moskva va Kiyev o‘rtasidagi munosabatlardagi inqiroz uzoq yillardan beri davom etib kelmoqda. 2013 yilning 21 noyabrida Ukraina poytaxtida norozilik namoyishlari avj olgandi. Xalqning noroziligiga rossiyaparast Prezident Viktor Yanukovichning Yevropa Ittifoqi bilan Assotsiatsiya shartnomasini imzolashdan bosh tortgani sabab bo‘lgandi. 2014 yilning 22 fevralida ommaviy noroziliklarning kuchayishi fonida Yanukovich mamlakatni tark etgan va hokimiyat g‘arbparast siyosatchilar qo‘liga o‘tgandi.

Kiyevga yangi ma’muriyat kelishi bilan rossiyaparast kuchlar Qrim yarim orolida faollasha boshlagan. Ukrainadagi tartibsizlikdan foydalangan Rossiya Qrimni anneksiya qilish rejasini amalga oshirishga kirishgan.

2014 yil 27 fevral kuni “yashil odamchalar” deb ataluvchi hech qanday identifikatsiya belgisi bo‘lmagan harbiy kiyimdagi qurollangan shaxslar yarimoroldagi ma’muriy binolarni o‘z nazoratiga olgan. Ko‘p o‘tmay ular Qrimning qonun chiqaruvchi organi ustidan ham nazorat o‘rnatgan. 6 mart kuni rossiyaparast qurolli guruhlar bosimi ostida Qrim parlamenti Rossiyaga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazishga qaror qilgan.

Saylov byulleteniga ikkita savol bor edi: “Siz Qrimni Rossiya Federatsiyasi sub’ekti sifatida Rossiya bilan birlashtirish tarafdorimisiz?” va "Siz Qrim Respublikasining 1992 yilgi Konstitutsiyasining tiklanishi va Qrimning Ukrainaning bir qismi sifatida maqomi tarafdorimisiz?"

Hududda yashovchi qrim-tatarlar esa parlament qaroriga qarshi chiqib, tashabbusni boykot qilgan. Biroq shunga qaramay, 2014 yil 16 mart kuni rossiyaparast qurolli otryadlar nazorati ostida yarim orolda “referendum” deb atalmish soxta tadbir o‘tkazilgan. Natijada yarim orolni Rossiya bilan birlashtirish to‘g‘risidagi Moskva kutayotgan qaror e’lon qilingan.

Rossiya ma’muriyati yarim orol bo‘yicha “referendum” natijalarini darhol tan oldi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 19 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisiga Qrimni anneksiya qilish va yangi federal okruglar tashkil etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini taqdim etdi.

Rossiya Konstitutsiyaviy sudi ham Putinning iltimosiga ko‘ra navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazib, qonun loyihasini mamlakat Asosiy qonuniga mos kelishini ma’lum qildi. Keyin hujjat Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisida ma’qullandi. Faqat birgina deputat Ilya Ponomaryovgina qonunga qarshi ovoz bergandi.

2014 yil 21 mart kuni Putin Qrim va Sevastopolning Rossiya tarkibiga qo‘shilishi to‘g‘risidagi shartnomani va ularning Rossiya tarkibiga kirish tartibi to‘g‘risidagi federal konstitutsiyaviy qonunni ratifikatsiya qilish haqidagi qarorni imzoladi. Shu tariqa Qrimning, jumladan Sevastopol shahrining noqonuniy anneksiyasi jarayoni yakunlandi.

Biroq jahon hamjamiyati, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ukraina Qrimining noqonuniy anneksiya qilinishini tan olmadi. 2014 yil 27 martda BMT Bosh Assambleyasi Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlab, Qrim va Sevastopolni Ukrainaning ajralmas qismi sifatida tan oldi. BMT Qrimning anneksiya qilinishini noqonuniy deb e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina Putin Qrim “yashil odamchalar”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing