Putin qishdan Ukrainaga qarshi qurol sifatida foydalanyapti – Stoltenberg

Olam

image

Rossiya Ukraina energetika tizimiga zarba berishda davom etishi mumkin. Bu haqda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg kecha, 28 noyabr kuni bergan bayonotida so‘z ochdi.  

“Qish oldidagi bunday harakatlar (Rossiya) Prezidenti Putin hozir qishdan Ukrainaga qarshi urush quroli sifatida foydalanishga harakat qilayotganini ko‘rsatmoqda”, deydi u NATO Tashqi ishlar vazirlarining ikki kunlik uchrashuvi oldidan Buxarestda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Stoltenbergning so‘zlari o‘tgan haftada Ukraina infratuzilmasiga urush boshlanganidan beri eng katta zarar yetkazgan, millionlab odamlarni elektr, suv va issiqliksiz qoldirgan Rossiya raketa zarbalari fonida yangragan. 

Infratuzilmaga yetkazilgan zarar korrupsiya, COVID-19 pandemiyasi va to‘qqiz oylik urushdan zarar ko‘rgan sog‘liqni saqlash tizimiga ham ta’sir ko‘rsatdi. 

Rejalashtirilgan operatsiyalar kechikmoqda, internetdagi uzilishlar tufayli tibbiy ma’lumotlar yo‘q, tibbiyot xodimlari esa elektr ta’minoti yo‘q xonadonlarda bemorlarni fonar yordamida tekshirishga majbur. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) o‘tgan hafta Ukraina sog‘liqni saqlash tizimi kuchayib borayotgan energetika inqirozi, sovuq qish boshlanishi va boshqa muammolar fonida urushning eng qora kunlarini boshdan kechirayotganini aytdi. 

“Ukrainadagi millionlab odamlarning hayoti bu qishda xavf ostida”, deydi JSSTning Yevropa mintaqaviy direktori Xans Klyuge.

Uning bashoratiga ko‘ra, yana 2-3 million odam issiqlik va xavfsizlik izlab uylarini tark etishi va misli ko‘rilmagan sog‘liq muammolariga, jumladan, COVID-19, pnevmoniya va gripp kabi nafas olish yo‘llari infeksiyalariga duch kelishi mumkin. 

O‘tgan hafta JSST Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirgan 24 fevraldan 23 noyabrgacha tibbiyot muassasalariga kamida 703 ta hujum uyushtirilgani tasdiqlanganini ma’lum qildi. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy rus qo‘shinlarini Xerson viloyatidagi tibbiyot muassasalarini yopish va tibbiy jihozlarni, hatto tez yordam mashinalarini ham talon-toroj qilishda aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Yens Stoltenberg Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

94

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing